10:47 / 18.04.2018
5672

Italiyalik merosga olgan 1,5 mln yevrodan foydalana olmayapti 

Foto: Fotolia/ Marco Scisetti

Italiyalik 48 yoshli bankir Luiji bobosidan deyarli 3 mlrd italyan lirasini meros qilib oldi, biroq 2012 yilda muomaladan chiqarilgan bu eski valyutani almashtirish to‘xtatilgani sababli ulardan foydalana olmayapti. Bu haqda Il Corriere della Sera nashriga iqtibos keltirgan holda RIA "Novosti" xabar berdi. 

Luijining bobosi Italiyada qurilish biznesi bilan shug‘ullangan va anchagina davlat orttirgan bo‘lib, so‘ngra Shveytsariyaga ko‘chib o‘tgan va 2017 yil yozida o‘sha yerda vafot etgan. 89 yoshli qariyaning yagona merosxo‘ri nabirasi Luiji bo‘lgan.

“Men bobom o‘ziga to‘q odam ekanligini bilardim, u hayotligida yaxshigina davlat orttirishga ulgurgan. U menga ikkita kvartira, ikkita hisob raqamda ancha pul va aksiyalar qoldirgan. Biroq men bank direktori bilan bobomga tegishli bank yacheykasini ochganimda, hayratdan dong qotdim”, deb aytmoqda Luiji.

Gap shundaki, yacheykada ancha yil avval muomaladan chiqarilgan 2 mlrd 950 mln lira bo‘lgan. U pullarni Italiyaga hech qanday muammosiz olib kelgan, chunki endi ular hech qanday qiymatga ega emas edi.

Luijiga bu boylikni o‘zlashtirishida vaqt va Italiyada joriy qilingan yangi moliyaviy qoidalar to‘sqinlik qilmoqda. 2002 yilda Italiyada yevro muomalaga kiritilgandan keyin, Italiya banki mamlakat fuqarolariga eski valyutadan qutulish uchun 10 yil muhlat bergan. Liralarni yevroga almashtirish kursi bir yevroga 1936 lirani tashkil qilgan. Unga ko‘ra, Luijiga tegishli boylik 1,5 mln yevrodan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Luijining advokatlari u bu pullardan bexabar bo‘lganligi sababli uning vaziyatida eski pullarni almashtirishga 10 yillik muhlat 2002 yildan emas, balki u pullar haqida xabardor bo‘lganidan boshlab hisoblanishi kerakligini ta'kidlamoqdalar.

“Men o‘zim bilmagan pullarni almashtirish uchun qanday ariza berishim mumkin edi? Men o‘zimga to‘qman, biroq bu prinsipiallik masalasi: bu pullarni bobom ishlab topgan va ularni yo‘qotish bema'nilik bo‘ladi. Men bu pullarning 70 foizini olish imkonim borligini bilaman va ulardan bir qismini xayriya ishlariga ajrataman, biroq keksa va yolg‘iz kishining parishonxotirligi 3 mlrd turmasa kerak”, deb aytdi Luiji.

Top