O‘zbekiston | 22:00 / 18.04.2018
30536
3 daqiqa o‘qiladi

Prokuror: «Bobomurod Abdullayev o‘zi yozgan maqolalar ro‘yxatini taqdim etmasdan, sudya va kuzatuvchilarni chalg‘itmoqchi»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz hamda amaldagi hukumatni noqonuniy egallab olish kabi jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev, blogger va o‘qituvchi Hayotxon Nasriddinov, shuningdek, ikki nafar ishbilarmonlarga nisbatan olib borilayotgan sud majlisi bugun, 18 aprel kuni davom ettirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud majlisi boshlanishi bilan davlat ayblovchisi B.Qobilov sudlanuvchining harakatlari yuzasidan fikr bildirdi. Uning aytishicha, sudlanuvchi Abdullayev o‘ziga tegishli maqolalar ro‘yxatini vaqtli taqdim etmay, sud ishini qiyinlashtirmoqda.

«​Maqolalarning barchasini yozmaganman, deydi. U holda nega sudlanuvchi vaqtida o‘ziga tegishli maqolalar ro‘yxatini taqdim etmayapti. Maqsad bitta: sudya va kuzatuvchilarni chalg‘itmoqchi. Vaqt cho‘zishi bilan uning «Usmon Haqnazarov» taxallusi bilan chop etilgan saytdagi maqolalari mazmunan o‘zgartirilmoqda»​, deydi prokuror.

Shundan so‘ng, sudya Zafar Nurmatov sud majlisiga axborot xavfsizligi sohasi mutaxassisi sifatida tanishtirilgan J.Qalandarov xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Qalandarov sud majlisida tayyorlangan kompyuter va proyektor yordamida, oshkora «O‘zbekiston xalq harakati» saytiga aylanma yo‘l orqali kirib, Haqnazarov maqolalarini ko‘rsata boshladi.

Bundan avvalgi sud majlisida jurnalist Bobomurod Abdullayev shikoyat qilganidek, sud ishi jildiga tikilgan ayrim maqolalar mazmunan saytda e'lon qilingan materiallardan farqlanib turardi. Ya'ni, jildga ashyoviy dalil sifatida qo‘shilgan ayrim maqolalarga, saytdagidan farqli ravishda, so‘zlar qo‘shilgandi. Bobomurod Abdullayev bu maqolalar unga tegishli ekanini aytsa ham, «​qo‘shilgan so‘zlar»​ni inkor etayotgandi.

Mutaxassis Qalandarov maxsus usul yordamida saytning arxivini varaqlay boshladi. Aniqlanishicha, Usmon Haqnazarov taxallusi ostida e'lon qilingan maqola saytga joylashtirilgan paytda, maqolaning mazmuni jildga tikilgan ashyoviy dalildan hech qanday farq qilmaydi. Aksincha, saytning hozirgi ko‘rinishida maqolalarga o‘zgartirish kiritilgan. Mutaxassisning aytishicha, bunday o‘zgarishlarni faqat sayt administratori kiritishi mumkin.

Sud majlisining qolgan qismida barcha Haqnazar maqolalarining barchasi arxivdan chiqarilib, mazmunan solishtirish bilan o‘tdi. Sud o‘z ishini davom ettiradi.

Mavzuga oid