O‘zbekiston | 16:48 / 18.04.2018
7566
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Foto: KUN.UZ

Bugungi kungacha har ikki davlat mudofaa idoralari qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazish muddati, ushbu tadbirga jalb etiladigan askar va zobitlar, harbiy texnikalar miqdori masalasini o‘rganib chiqishyapti. Mashg‘ulotlar ikki qo‘shni davlat hududlarida joylashgan bir nechta poligonda o‘tkazilishi mumkin, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

Ikki mamlakat Qurolli kuchlari vakillari qo‘shma mashg‘ulotlar paytida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalalarini ishlab chiqiladi.

“AP” manbasiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylangunga qadar mazkur ikki mustaqil davlat harbiy qo‘shma mashg‘ulotlarni biror marta ham tashkil etmagan. O‘z navbatida, O‘zbekiston harbiylari ShHTning 2011 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Tinchlik missiyasi” aksilterror mashg‘ulotlarida ham qatnashmagan.

O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov 2017 yil 11-13 oktabr kunlari Tojikistonga tashrif buyurgandi. Bu mustaqillik yillarida mamlakat mudofaa vazirining qo‘shni respublikaga ilk safariga aylandi.

O‘shanda u MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari kengashida qatnashgan va Tojikiston Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan uchrashib, harbiy sohada hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilgandi.

Ma'lumki, Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakuni bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida harbiy, maxsus yuklar va harbiy kontingentni tomonlar hududi orqali tranzit qilish sohasida hamkorlik bitimi imzolangandi. Ayni chog‘da mudofaa idoralari o‘rtasida ham harbiy hamkorlik qilish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid