Jamiyat | 14:45 / 19.04.2018
27703
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablardagi turniketlar uchun pul yig‘iladimi? Vaziyatga oydinlik kiritildi

KUN.UZ tahririyatiga Toshkent shahrida joylashgan maktablardan murojaatlar kelib tushmoqda. Shunday murojaatlardan biri poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan 182-maktabda farzandini o‘qitayotgan ona tomonidan yozilgan. Murojaatchining aytishicha, maktab binosining kirish-chiqish joyida turniketlar orqali elektron nazorat to‘siqlari qo‘yilgan. Mazkur nazorat to‘siqlari turniketiga har bir boladan 10 ming so‘mdan yig‘ilmoqda. Bundan tashqari, oylik to‘lov ham yig‘ilishi aytilgan.

Murojaatni o‘rganish maqsadida, maktabga tashrif buyurdik. Maktab direktori bunday holat mavjud emasligini, hatto turniket masalasining yig‘imlariga maktabning hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib, mazkur to‘siqlarni o‘rnatgan mutaxassis bilan bog‘lanishimni aytdi. 

Mutaxassis elektron nazorat tizimi haqida biz bilan o‘z ma'lumotlarini o‘rtoqlashdi. Mutaxassisning ta'kidlashicha, bu tizim hozirgi kunda respublika bo‘ylab 320dan ortiq o‘quv muassasasiga ulangan. Asosiy vazifasi o‘quvchilarning davomat masalasi. O‘quvchi maktabga kirganda va darslari tugab chiqib ketayotganda mazkur to‘siqlardan o‘tadi. Mazkur jarayon vaqtida uning ota-onasining telefon raqamiga farzandi haqida ma'lumot kelib tushadi. Bu xizmat narxi bir martalik - 10 ming so‘m etib belgilangan, turniket o‘qish davri uchun - to‘qqiz yil yoki o‘n bir yillik muddatiga beriladi. Bundan tashqari, tizimning boshqa qulayliklari ham bor. Misol uchun, farzand oraliq yoki nazorat ishlaridan qanday baholar olmoqda yoki darslar bilan bog‘liq har qanday ma'lumotlarni ota-ona ish joyida turib ham belgilangan tartibda istalgan vaqtda olishi mumkin bo‘ladi. Bu xizmat majburiy emas, shartnoma asosida olib boriladi. Xizmatga oylik to‘lov to‘laysiz va siz farzandingizni kun bo‘yi nazoratda ushlab turishingiz, xotirjamlikda o‘z ishlaringizni, fikringiz bo‘linmay amalga oshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Mazkur tizim 2013 yil 20 sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasining PQ-2042 sonli qarori asosida tashkil etilgan. Yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Informatsion texnologiya sohasida o‘z faoliyatini yuritadi. Mazkur tizim ma'lumotlarining maxfiylik tomonlari to‘liq ta'minlangan. Har bir tumanda hokim qarori asosida maktablarga o‘rnatilmoqda. Asosiy maqsad ota-onalarga ko‘maklashish, o‘quvchilarning davomat masalasi hisoblanadi. Maxsus xizmatlari boya aytganimdek, majburiy bo‘lmagan, pullik va sifati yuqori darajada ta'minlangan.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid