23:40 / 19.04.2018
16658

Tramp zirhlangan yangi prezident limuzini oldi

Foto: Carrushome.com

AQSh maxfiy xizmati Donald Tramp uchun yangi prezident limuzinini oldi. “Yirtqich” nomi bilan ma'lum bo‘lgan ushbu Cadillac markasidagi avtomobilning ilk namoyishi yaqin orada bo‘lib o‘tadi.

“Biz oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajardik va avtomobilni mijozga topshirdik”, deb aytgan Cadillac’ning endilikda sobiq rahbari Yoxan de Nayssen jurnalistlarga. “Prezident limuzinini me'yoriga yetkazish dasturi rejaga ko‘ra bormoqda. Biz mashina joriy yoz fasli oxirigacha foydalanishga kiritilishini kutmoqdamiz”, deb aytgan prezidentni qo‘riqlash xizmati vakili.

Joriy avloddagi limuzin ommaga 2009 yil yanvarda Barak Obama inauguratsiya vaqtida ko‘rsatilgan. Mashina qanday platformada qurilgani noma'lum, biroq ba'zi taxminlarga ko‘ra, prezident limuzini negizida GMC TopKick pikapi yotadi. 

Mashinaning dvigatellari ham sir bo‘lib qolmoqda: bu 8,1 litrli benzin yoki 6,6 litrli Duramax dizel dvigateli bo‘lishi mumkin. Limuzin 130 mmli o‘q o‘tkazmaydigan oynalar va kimyoviy quroldan himoyalay oladigan germetik zirhli kapsula bilan jihozlangan.

Bundan tashqari, prezident mashinasi granatomyotlar, tungi ko‘rish tizimi, ko‘zni yoshlatuvchi gazli zambaraklar, kislorod baklari, zirhlangan yoqilg‘i baki va pompali miltiqlar bilan jihozlangan. 

Top