20:38 / 20.04.2018
3955

Matbuot va axborot agentligi hamda Sharqshunoslik instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

Foto: Matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Matbuot va axborot agentligi shu haqida xabar berdi. 

Marosim doirasida tomonlar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 24 maydagi 2995-sonli hamda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” 2017 yil 13 sentabrdagi 3271-sonli prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash masalalari bo‘yicha kelishib olishdi.

Marosimda buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini dunyo mamlakatlari bo‘ylab keng targ‘ib etish, ularni har tomonlama o‘qish-o‘rganish, xalqimiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga, jahon hamjamiyatiga yetkazish va zamonaviy ilm-fan, ma'naviyat rivojida undan samarali foydalanish hamda ulkan ma'naviy obida, madaniyat durdonasi bo‘lgan arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan qadimiy qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni kitob holida chop etishni keng rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlar ilm-fanning aniq, tabiiy, gumanitar sohalari va islom ilmlari bo‘yicha yaratgan asarlarini keng ommaga taqdim etish choralari belgilandi.

Hamkorlik doirasida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar, seminar-trening, davra suhbatlari, xalqaro grant loyihalari va boshqa tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.

Top