Sport | 01:53 / 22.04.2018
12362
2 daqiqa o‘qiladi

Boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida qit'a chempionati: Dastlabki kundan uch g‘alaba

Bugun Tailand poytaxti Bangkok shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati start oldi.

Ushbu musobaqada Osiyo qitasining 30 dan ortiq davlatlaridan ishtirokchilar tashrif buyurib, jami 220 nafar bokschi yoshlar olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kuch sinashishadi.

Kunduzgi kun dasturidan o‘rin olgan janglarda to‘rt nafar terma jamoa a'zolari ishtiroki bilan boshlandi.

56 kg vazn toifasida ringga chiqqan Abdumalik Xalakov mo‘g‘ulistonlik Yenkxtur Tegshjargaldan ustun keldi.

69 kg vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Jahongir Rahmonov Chin o‘lkasi vakili Tong Gang bilan raqobatlashdi. Mazkur bellashuvda Jahongir raqibini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa Nasiba Xayrullayeva yaponiyalik Sena Iriyega qarshi ringga ko‘tarildi. Keskin va murosasiz bahsda vazni 57 kilogramm bo‘lgan Nasiba kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi

54 kg vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Maftuna Fayzullayeva esa yaponiyalik charm qo‘lqop ustasi Satsuki Yoshizavani yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratib, g‘alaba qozondi.

Shu tariqa Osiyo chempionatining birinchi kungi bahslari yakunlandi.

Ertaga esa yana besh nafar vakilimiz ringga ko‘tariladi:

1. Kamolmirzayev Sodirbek - Lu Chia Xao (Xitoy Taypeyi)

2. Xalakov Abdumalik – Autuak Yamar (Filippin)

3. Utegenov Halimbek – Shaiken Talgat (Qozog‘iston)

4. Xolmurodov Samandar – Xan Jin Chol (KXDR)

5. Ziyatov Ramazon – Quvonchbek o‘gli Umar (Qirg‘iziston) rakiblari bilan ringa kutarilishadi.

Ta'kidlab o‘tish kerak, O‘zbekiston terma jamoasi 10 ta vazn toifasida yigitlar bilan, 5 ta vazn toifasida qizlar bilan musobaqaga yo‘l olishgan. Ularga 10 nafar murabbiylar, vrach va boshqa rasmiylar hamrohlik qilishmoqda.

Mavzuga oid