13:00 / 22.04.2018
4349

O‘zbekiston Filippin bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda

Tashqi savdo vazirligida Filippin Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vilfredo Santos bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vazirlik matbuot kotibi bu haqida KUN.UZ'ga xabar berdi. 

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomon ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning kelishuv-huquqiy bazasini shakllantirish muhimligini ta'kidladi. V.Santos, o‘z navbatida Filippin yangi hukumatining ham an'anaviy, ham noan'anaviy hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga yo‘naltirilgan tashqi siyosati haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston va Filippin o‘rtasidagi hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri qishloq xo‘jaligi sektori hisoblanadi. Filippin delegatsiyasi tropik mevalar yetkazib berish tizimini tashkillashtirishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tomon esa delegatsiya a'zolariga mamlakatda meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilganini va mahalliy meva-sabzavotlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlarida katta salohiyatga ega ekanini ma'lum qildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqish sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari S.Saifnazarov O‘zbekistonda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ko‘rib chiqishni taklif qildi. 

Shuningdek tomonlar O‘zbekiston va Filippin biznes doiralari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hisobiga ikki tomonlama savdo-sotiq aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi.

Top