21:51 / 22.04.2018
4714

O‘zbekistondagi ilk SMM-trening: Rossiyalik blogerlar ijtimoiy tarmoqlar marketingi bo‘yicha mahorat darslarini o‘tishdi

Foto: KUN.UZ

Rossiyalik taniqli travel-jurnalist,  «Know How Media» agentligi asoschisi Yuliya Shukina Toshkentda ilk marta ijtimoiy tarmoqlar marketingi bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi PR-markazi tomonidan tashkillashtirilgan ilk SMM-treningda 80 dan ortiq OAV vakillari, travel-kontentga ixtisoslashgan jurnalistlar, marketologlar, turistik kompaniyalar egalari ishtirok etishdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda raqamli marketing trendlari, mazmunli matnlar yozish, suratlar bilan ishlash va kontentni yuritish sirlari bilan tanishishdi. 

Jurnalist va travel-bloger Yuliya Shukina – Rossiyadagi ilk Sayohatlar jurnalistikasi maktabi - «Travelogia» asoschisi, «Vokrug sveta» ko‘rsatuvlar seriyasi muallifi, Travel Writing Summit 2015, Perfect Content Day 2016, Press Brunch 2017 kabi Sayohat va Taomlar mavzularidagi ta'lim dasturlari tashkilotchisi. «Jurnalistika puteshestviy v voprosax i otvetax» kitobi muallifi, ITM ishchi ko‘rgazma dasturi spikeri, jurnalist va blogerlar uchun «Mediatur» xalqaro tanlovi hakamlar hay'ati a'zosi hisoblangan Yuliya doimo sayohat va safarlarda bo‘ladi hamda dunyoning turli mamlakatlari xalqaro brendining mustahkamlanishiga ko‘mak beradi. 

2018 yilning boshida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taklifiga binoan Yuliya Shukina boshchiligidagi travel va food-blogerlar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Jamoa a'zolari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘p millionli auditoriyasiga O‘zbekiston shaharlariga doir tasavvurlari haqida so‘zlab berish maqsadida Nukus, Mo‘ynoq, Xiva, Buxoro, Samarqand, Nurota o‘tov lagerlari va mamlakatning boshqa diqqatga sazovor maskanlarda bo‘lishdi. 

Yuliyaning ta'kidlashicha, sayohat 2,5 oy davom etgan. "Safarimizning asosiy maqsadi - nafaqat Rossiya, balki uzoq xorijiy mamlakatlardan ko‘plab sayyohlarni jalb qilish maqsadida taniqli trend-setterlarning oddiy, samimiy va his-tuyg‘ularga to‘la hikoyalari orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini ilgari surish. 10 kunlik blog-tur yakunlariga ko‘ra, biz matn, surat va videolar orasidan eng yaxshilarini tanlab ola boshladik. Bizning safarimiz natijalarini Instagram, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda *iz_uzbekistana_s_lyubovyu " xeshtegi orqali ko‘rish mumkin", - deydi u.

Tur oxirida Yuliya va uning hamkasblari - bloger Marina Braunn, suratkash Matvey Krasnikov sayohat taassurotlari va professional sirlari bilan bo‘lishishdi.  

"Ijtimoiy tarmoqlar internet tarmoqlarining ommaviy maydoniga aylandi. Veb-saytlar va akkauntlar kompaniyaning tashrif qog‘oziga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist, bloger, suratkash sifatida professional shug‘ullanadigan bo‘lsak, bizning vazifamiz birinchi navbatda odamlarga xabar ulashish va ularga ilhom baxsh etish bo‘lishi kerak, - deydi Yuliya Shukina. - Odamlarni yangi marralarni zabt etishga undashimiz kerak. Masalan, biror mamlakat haqida so‘zlab turib, insonlarni shu yerga kelish istagini paydo qiladigan darajada qiziqtira olish kerak".

Rossiyalik blogerlarning O‘zbekistonga doir taassurotlari bilan bo‘lishishi taxminan ikki oy davom etadi.

Sayohat suratlari va videolarini Instagram'da jamoa ishtirokchilari sahifalarida va  *iz_uzbekistana_s_lyubovyu sahifasida ko‘rish mumkin:
Yuliya Shukina - @khowhowmedia
Tatyana Yukka - @tatiana_yukka
Kseniya Guseva - @ksu_gusik
Asya Marevskaya -@marevskaya
Marina Grigoreva - @marinabraunn
Olesya Leshchenko - @olesyalesly

Top