Jamiyat | 17:14 / 23.04.2018
4337
3 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada “Ajdodlar merosi” festivali bo‘lib o‘tdi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Ajdodlar merosi” festivali bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi, xorijiy mehmonlar, jamoatchilik vakillar ishtirok etdi.

“Ajdodlar merosi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirdan maqsad - ulug‘ bobomiz Zangi otaga hurmat va ehtiromni ko‘rsatish bilan birga, bu aziz qadamjoni ko‘z qorachig‘iday asrash va ziyoratgohning nomini, dovrug‘ini keng ommalashtirish, ziyoratga keluvchi mehmonlar, turistlarga yanada keng imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shishdir. 

“Mustaqillik yillarida birinchi prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizdagi  ziyoratgohlar, ulug‘ ajdodlarimizning shu jumladan Zangi otaning qo‘nim topgan joylari qayta tiklanib, obod qilindi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 oktabrdagi qaroriga asosan bu maskan va uning hududlari tubdan yangilandi va go‘zal qiyofaga ega bo‘ldi.

Zangi ota ziyoratgohining bugungi go‘zal va betakror qiyofaga ega bo‘lishida, ushbu hududning obod maskanga aylanishida muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning beqiyos xizmatlari bor va uni bu yerda jam bo‘lganlar ham yaxshi bilishadi”, - dedi tadbirda tuman hokimi Abdivahob Tamikayev.

Zangi otaning qaysi sanada tug‘ilgani haqida aniq ma'lumot bo‘lmasa-da, bobomiz 1258 yilda vafot etadi va hozirgi Zangi ota qishlog‘iga dafn etiladi va shundan buyon bu joy Turkiy xalqlar uchun ziyoratgoh maskan hisoblanadi. 

Zangi ota - Oyxo‘ja bobomiz Turk-Islom olamidagi yetuk tasavvuf bilimdonlaridan biri bo‘lib, u zotning muborak nomi butun Osiyoda ma'lum va mashhur bo‘lgan. Ulug‘ bobomiz Xo‘ja Ahmad Yassaviyning to‘rtinchi xalifasi va sodiq shogirdi Hakim otaga shogird bo‘lib, undan Yassaviy tariqatining sir asrorlarini mukammal o‘rganadi. Zangi ota Hakim otadan tasavvufiy bilimlar bilan birga ilmi zoxiriy, ilmi botiniydan xam ta'lim olib yetuk donishmand va sohibi karomat darajasiga erishadi. 

Zangi ota maqbarasini buyuk sohibqiron Amir Temur qurdirgan. Uning g‘ishtlarini Turkistondan keltirishgan. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek ham bu yerning qurilishiga, obod bo‘lishiga hissasini qo‘shgan.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid