11:48 / 24.04.2018
4369

Abdulaziz Komilov Xitoyda Pokiston TIV rahbari bilan uchrashdi

2018 yilning 23 aprel kuni Pekin shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida vazirlar O‘zbekiston-Pokiston kun tartibidagi, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doiralaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar borasida fikr almashdilar.

Foto: TIV axborot xizmati

Uchrashuvda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar deyarli barcha o‘zaro manfaatli sohalarda faollashdi. Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.

Tadbirkor delegatsiyalarining tez-tez uchrashishlari natijasida 100 million AQSh dollariga teng shartnomalar imzolandi. Shuningdek, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal tus oldi va samarali bo‘ldi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida 2018 yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning muvaffaqiyatli natijalari ta'kidlandi va mintaqa uchun muhim bo‘lgan ushbu sohada konstruktiv hamkorlik qilishga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.

 

Top