08:31 / 26.04.2018
11444

Ukraina Donbassdagi mojaro boshlanganidan beri yuzlab harbiylar o‘z joniga qasd qilganini bildirdi

Foto: RIA Novosti

Ukraina bosh harbiy prokurori Anatoliy Matiosning ma'lum qilishicha, mamlakat sharqida 2014 yilda harbiy to‘qnashuvlardan boshlanganidan beri 554 harbiy xizmatchi o‘z joniga qasd qildi, yana 3,8 ming kishi halok bo‘ldi. Bu haqda u feysbukda yozgan.

«Terrorchilikka qarshi amaliyot (TQA) boshlanganidan beri qariyb 326 ming kishi jangovar harakatlar ishtirokchisi maqomini oldi. Ulardan 8 489 nafari yaralandi va turli jarohatlar oldi, 3 784 harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Shu bilan birga, TQA o‘tkazilishi vaqtida kamida 554 kishi o‘z joniga qasd qildi (01.04.2018 holatiga ko‘ra rasmiy statistika)», - deya yozgan Matios.

Uning ta'kidlashicha, Ukraina tomoni 2018 yilda harbiy amaliyot ishtirokchilari uchun psixologik reabilitatsiya, ijtimoiy va professional moslashish bo‘yicha tadbirlarga 109 mln grivna ajratdi. Biroq, Matiosning so‘zlariga ko‘ra, ushbu pullar belgilangan maqsadlarga sarflanmasligi mumkin, sababi Ukraina Ijtimoiy siyosat vazirligi tegishli normativ hujjatlarni qabul qilmadi.

Uning ta'kidlashicha, mamlakatga harbiylar ruhiy holati bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar yetishmayapti: uning ma'lumotlariga ko‘ra, Ukrainada amaliyot tajribasiga ega 300dan biroz ko‘proq harbiy psixolog bor.

«Shu tariqa, pullar davlat hisobida turibdi, harbiylar va harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarning psixologik reabilitatsiyasi bo‘yicha xizmatlar esa faqat mahalliy o‘zini o‘zi boshqari organlari, ko‘ngilli tashkilotlar tashabbusi bilan yoki harbiy xizmatchilarning gospitalda davolanishi vaqtidagina taqdim etilmoqda», - deya xulosa qilgan Matios.
 

Top