Jamiyat | 20:47 / 27.04.2018
6802
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklarga doir noxolis axborotlarga raddiya berildi

Foto: Kun.uz

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ta'lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda. Ammo ayrim xorij internet nashrlarida ushbu tibbiy ko‘riklar xususida noxolis axborotlar tarqatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati noaniq manbalardan olingan va turlicha talqin etilayotgan axborotlarga oydinlik kiritdi.   

Joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim markazi tomonidan “Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta'lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, mamlakatimizda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlariga besh tashkilot mas'ul etib belgilandi. Ushbu tashkilotlar hamkorlikda ish olib bormoqda.

"Hozirda mamlakatimizdagi ko‘plab ta'lim muassasalarida hududiy oilaviy poliklinikalarning tor soha mutaxassislari, “Salomatlik maktablari” a'zolari ishtirokida tibbiy ko‘riklar, salomatlik soatlari o‘tkazilmoqda, — deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova. — Bundan ko‘zlangan maqsad, maktab o‘quvchilari sog‘lig‘ini mustahkamlash, kasalliklar profilaktikasini erta tashkil etish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishdir. Ushbu tadbirlarda, ayrim xorijiy internet nashrlari talqin etganidek, faqat qizlar ginekolog ko‘rigidan o‘tkazilayotgani yo‘q. Bunga tibbiyotning o‘nga yaqin  tor soha vakillari, xususan, oftalmolog, stomatolog, xirurg, nevropatolog, endokrinolog, otorinolaringolog, bolalar ginekologi, UTT mutaxassisi kabi shifokorlar jalb etilmoqda. Ko‘riklarda nafaqat qizlar, balki o‘quvchi o‘g‘il bolalar ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur hollarda dispanser nazoratiga olinmoqda.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, hozirda oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida o‘smir qizlar va fertil yoshidagi ayollar uchun «ayollar maslahatxonalari»ni tashkil etish borasida ishlar izchil olib borilmoqda.

Darhaqiqat, ertangi kunimizning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollar salomatligiga bog‘liq. Bugun maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigit-qizlar salomatligiga qilingan befarqlik esa millat genofondi, kelajak avlod salomatligiga qilingan e'tiborsizlikdir. Shu bois maktablardagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda".

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid