Jamiyat | 21:11 / 30.04.2018
3662
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik sarmoyadorlar va OAV vakillari uchun O‘zbekistonning turistik salohiyati namoyish etildi

30 aprel kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va PR-markazi tashabbusi bilan Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari hamda sarmoyachilar uchun O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

Taqdimot davomida turkiyalik mehmonlarga O‘zbekiston va uning turistik salohiyatiga doir keng ma'lumotlar berilib, turk tilidagi videoroliklar namoyish etildi, maxsus jurnallar taqdim etildi.

Turkiyalik mehmonlarga O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridagi qadimiy me'morchilik obidalari, Imom Al-Buxoriy, Hakim At-Termiziy, Baxouddin Naqshband, Abu Ali ibn Sino va Alisher Navoiy kabi allomalari haqida interaktiv shaklda ma'lumotlar berildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda joriy qilingan "Halol" standartiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shohrux Shoraxmetov O‘zbekistonda reyslar sonining oshirilayotgani, ba'zi mamlakatlarga vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilgani, boshqalariga nisbatan esa viza rejimining soddalashtirilganini qayd etdi. Shu o‘rinda turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari bir muammo yuzaga kelganiga e'tibor qaratishdi - mehmonxonalar yetishmovchiligi. Bu borada esa Turkiya tajribasi qo‘llanilishi ma'lum qilindi.

Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun esa tegishli qonunchilikka ayrim o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘lishi qayd etildi. Turizmni rivojlantirishda Turkiya tajribasini o‘rganish uchun turkiyalik ekspert Sodiq Badak bilan shartnoma tuzilgani, ayni damda u Turizmni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqayotgani, yaqin oylarda u taqdim etilishi aytildi.

Turkiya bosh ombudsmeni Sheref Malkoch taqdimotdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

"Biz O‘zbekistonni qardosh o‘lka sifatida bilamiz. Men O‘zbekistonga ikkinchi marta kelishim. Bu yurtda tarixiy allomalar o‘tgan, O‘zbekiston - Imom Al-Buxoriy, Baxouddin Naqshband, Abu Ali ibn Sino, Hakim At-Termiziy, Al-Beruniy, Al-Xorazmiy va Ulug‘beklar mamlakati. Turk xalqi ularni juda yaxshi biladi. Turkiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning do‘stligi xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashi shubhasiz".

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid