KUN.UZ tahririyatiga respublikaning turli nuqtalaridan murojaatlar kelib tushmoqda. Xaqli murojaatlarni o‘rganish uchun mazkur hududlarga xizmat safarlari uyushtirib turamiz. Bu safar Samarqand viloyatiga tashrif buyurdik. Boisi, biz tashrif buyurgan hudud faollari tuman hududidan o‘tgan kamida 5 kilometrdan ortiq jamoa mulki - gaz quvurlari ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan yo‘qotib yuborilganligi haqida murojaat qilishgan edi.

Viloyatning Jomboy tumani “Beshbola” mahallasi faollari bilan uchrashuvda ular muammoni yotig‘i bilan tushuntirishdi. Aytishlaricha, Jomboy tumaniga 1968 yil Bulung‘ur tumani hududidan gaz tortib kelingan. O‘sha vaqtlar xususiy mulk bo‘lmaganligi sababli bu mulk jamoa mulki sifatida hudud balansida turgan. Mazkur quvurning uzunligi 11,5 kilometr bo‘lib, uning diametri 219 millimetr, qalinligi 8 millimetrni tashkil qilgan. Ba'zi noma'lum sabablarga ko‘ra, 2017 yildan mazkur hududlarda gaz berilishi butunlay to‘xtatilgan. Gaz quvuridan umuman foydalanmay qo‘yilgan. Hozirda esa aholi kuz-qish mavsumini o‘tin bilan o‘tkazib kelmoqda.

Tegishli idoralarning bir necha qaror, buyruq va farmoyishlariga asoslanib, tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlardagi gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalarini demontaj qilish (tugatish) to‘g‘risidagi topshiriqlarining ijrosini ta'minlash maqsadida, mazkur hududlarda gaz quvurlarni kesish yoppasiga “Markazgazta'minot” unitar korxonasining demontaj qiluvchi ishchi guruhi tomonidan boshlab yuborilgan. Unitar korxona endi hududdagi gaz trubalarini o‘z balansiga o‘tganligini ta'kidlashgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha unitar korxonada o‘ziga biriktirilgan mulkka nisbatan mulk huquqi bo‘lmaydi. Ya'ni, korxona mulkni sotish huquqiga ega emas. Biroq korxona allaqachon qonunni chetlab o‘tishni boshlab yuborgan.


Tuman hokimligidan kelib gaz quvurlarini kesayotgan shaxslarga arizachilar murojaat qilgan chog‘da ular yuqoridan topshiriq kelganligini aytishib, hech qanday hujjatlarni ko‘rsatmay, kesilayotgan quvurlar Urgut tumanida olib borilayotgan qurilish ishlariga ishlatilishini aytishgan. Lekin bu hududning keyinchalik gaz bilan ta'minlanish masalasi o‘ylab ham ko‘rilmagan. Aholining murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Murojaatchilar eng quyi pog‘onadan boshlab eng yuqori pog‘ona vakillarigacha murojaat qilib kelgan. 2017 yil Bosh prokuraturadan kelgan shaxslar xalq qabulida bo‘lgan paytda ularga uchta papkadan iborat hujjat (murojaatlar, javob xatlari va boshqalar) ko‘rsatilganda, vakillar hujjat bo‘yicha 1128 metrga gaz quvurlari kesib olinishiga ruxsat berilganligini aytib, qolganini nega kesishadi, biz buni, albatta, oxiriga yetamiz, deb va'da berishgan. Vaziyat o‘sha-o‘sha, va'da esa kun sayin qarimoqda. Ortiqcha kesib olingan quvurlar miqdori o‘sha vaqtda taxminan erkin baholovchilar tomonidan 3 milliard so‘mdan ortiqqa baholangan. Muammo shu kungacha ijobiy hal etilmagan.