Jahon | 11:41 / 03.05.2018
4036
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning yadroviy qurol yaratish dasturi vaqtinchalik muzlatib qo‘yilgan – Isroil

Foto: IIPA via Getty Images

Isroil razvedkasi tomonidan qo‘lga kiritilgan hujjatlar Eronning yadroviy qurol yaratish dasturi hozirda muzlatilganini ko‘rsatmoqda, vaholanki oldinroq faol ravishda olib borilayotgan bo‘lgan. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Avigdor Liberman “Kommersant'” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Chop etilgan hujjatlar Eron nafaqat uranni boyitish, balki yadroviy qurol yaratish bilan shug‘ullanganini tasdiqlaydi. Ular yadroviy bitimdan maksimal naf ko‘rish, keyin esa yadroviy qurol yaratishga o‘tish maqsadida bu dasturni shunchaki muzlatib qo‘yishgan. Bundan tashqari, ular yadroviy qurol yaratishni bitimdan to‘liq naf olinmaguncha bekor qilishgan”, deb ma'lum qilgan Liberman.

Libermanning ta'kidlashicha, Isroil nuqtai nazaridan bunday harakatlar Eron tomonidan yadroviy qurol yaratish bo‘yicha ishlar ayni vaqtda olib borilayotgani yoki yo‘qligiga qaramay, yadroviy bitim buzilishini anglatadi. “Biz umuman Eron yadroviy dasturining bosh maqsadi haqida gapirmoqdamiz. Gap ikki yil emas, 12 yoki 20 yil haqida ketmoqda”, deb qo‘shimcha qilgan Isroil mudofaa vaziri.  

30 aprelda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronni yadroviy qurol yaratish dasturini yashirganlikda ayblagan va yadroviy bitim Eronning yolg‘oniga asoslanganini aytgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid