15:00 / 04.05.2018
5495

Hukmron partiya Erdo‘g‘anning nomzodini ilgari surdi

Foto: SalamNews

Turkiyada hukmron partiya sanaluvchi Adolat va taraqqiyot partiyasining parlamentdagi fraksiyasi shu yilning yozida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an nomzodini ilgari surdi. NTV telekanalida ma'lum qilinishicha, hukmron partiya Milliy harakat partiyasi bilan alyans tuzib, Markaziy saylov komissiyasiga Erdo‘g‘an nomzodini ko‘rsatgan.

Mamlakatning amaldagi prezidenti nomzodi uchun 316 nafar deputat ovoz bergan.

Bundan avvalroq muxolifatdagi Xalq respublikasi partiyasi s'yezdi deputatlari partiya raisi o‘rinbosari Muharram Inja nomzodi uchun ovoz berishgandi. Partiya rahbari Kemal Qilichdaro‘g‘li zarurat bo‘lsagina saylovlarda qatnashishini aytgandi.

Agar MSK barcha nomzodlarni ro‘yxatga olsa, saylovda 6 nafar nomzod ishtirok etishi mumkin.

Payshanba kuni Dogu Perinchek (Ishchilar partiyasi), Meral Akshener («Yaxshi partiya»), Temel Qoramullao‘g‘li (Farovonlik partiyasi) va Vejyet O‘za (Adolat partiyasi) nomzodlari ma'qullangandi.

9 may kuniga qadar nomzodlar kamida 100 mingtadan imzo yig‘ishi lozim bo‘ladi. 13 may kuni nomzodlar tasdiqlangach, ular targ‘ibot kampaniyasini boshlashlari mumkin.

Biroz avvalroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘zi mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari shu yilning 24 iyuniga belgilanganini ma'lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra bu saylovlar prezidentlik boshqaruviga o‘tish jarayoni tezlashishini ta'minlaydi.

Top