18:34 / 04.05.2018
3228

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yevropa tashqi faoliyat xizmatining bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashdi

2018 yilning 4 may kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jan-Kristof Belliar bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holatini muhokama qilish doirasida ikki tomonlama hamkorlikning jadal ko‘rinishi mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi olti oy davomida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini mamlakatga ikki marta tashrif buyurdi va O‘zbekiston rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

2018 yilning yanvar-fevral oylarida Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasi 2017 yilning shu davriga nisbatan 12% oshib, 375 million yevrodan ko‘proqni tashkil etdi.

«O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi» shaklidagi barcha qo‘shma organlar majlislari tizimli ravishda o‘tkazilmoqda, sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi amaldagi Bitimni yangilash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Uchrashuv davomida xalqaro va mintaqaviy muammolarning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbatda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top