00:43 / 08.05.2018
13861

Bosh prokuratura huzurida agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuzilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv iste'moli sohasida nazorat tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilmoqda.

2018 yil 1 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi, Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi, «O‘zsuvnazorat» respublika suv inspeksiyasi, «O‘zdavurug‘nazoratmarkaz» qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi, «O‘zstandart» agentligining «O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash «Sifat» markazi» davlat korxonasi tugatiladi.

Yangi tashkil etilgan inspeksiya tugatilayotgan tashkilotlarning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi va tugatilayotgan tashkilotlarning qonun hujjatlarida belgilangan vazifalari, funksiyalari va vakolatlari Inspektsiyaga o‘tkaziladi.

Inspektsiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • a) qishloq va suv xo‘jaligi, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi holati;
  • paxta va don ekinlarining urug‘larini davlat tomonidan buyurtma qilish, tayyorlash, alohida qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini davlat buyurtmasining rejali amalga oshirilishiga muvofiq hajmlarda shakllantirish bo‘yicha talablar bajarilishi;
  • don ekinlari, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, shuningdek, ulardan qayta ishlangan mahsulotlar davlat resurslarining sifati, ulardan oqilona hamda maqsadli foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi hamda nobudgarchiligi kamaytirilishi ta'minlanishi;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, akkreditatsiya sohasiga muvofiq urug‘larni sertifikatlash, urug‘ hamda ko‘chat materiallarining sifatini aniqlash va nazorat qilish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi;
  • qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, Inspektsiya zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortish orqali qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi;
  • sun'iy suv obektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanilishi hamda suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi;
  • idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi;
  • qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining, ularning ekspluatatsiya qilinishi, sifati samaradorligining, servis va ta'mirlash xizmatlarining texnik holati ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • b) eksport-import va respublika ichidagi tashishlarda don ekinlari, paxta xom ashyosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvidan o‘tkazish;
  • v) huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • g) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Moliya vazirligining Inspektsiya huzurida «Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi» davlat unitar korxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullangan.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • normativ hujjatlar talablariga muvofiq namunalar tanlab olish va mahsulotni identifikatsiyalash;
  • ko‘rsatilgan akkreditatsiya sohasiga muvofiq tarzda paxta tolasi, paxta momig‘i, paxta va qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, shuningdek, don va ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sinovlarini tashkil etish hamda o‘tkazish;
  • muvofiqlik sertifikati berish, o‘lchovlar bir xilligini va metrologik nazoratni amalga oshirishni ta'minlash ishlarini bajarish;
  • paxta tolasi shiradorligini aniqlash, paxta tolasi va momig‘i toylari massasi nazoratini amalga oshirish;
  • paxta tozalash va yog‘-moy sanoati korxonalari, paxta mahsulotlarining xaridorlari hamda boshqa tashkilotlar uchun sertifikatlanadigan paxta mahsulotlari tashqi ko‘rinishining standart namunalarini tayyorlash, restavratsiya qilish va ular bilan ta'minlash;
  • rayonlashtirilgan va istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining nav sofligini tuproqdagi tahlil orqali tekshirish hamda natijalarini manfaatdor tashkilotlarga yuborish;

Inspektsiya boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni 1 795 nafar etib belgilandi.

Inspektsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq tomonidan boshqariladi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga hisobdordir.

Inspektsiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Obinazir ko‘chasi, 109-uyda joylashtiriladi.

Top