Majburiy mehnat: mansabdor shaxsga jazo bor!
So‘nggi paytlarda majburiy mehnat masalasi kundan-kunga dolzarblashib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” videoblogida Majburiy mehnat masalalariga oid normalar tushuntirilib o‘tildi. Unda shunday deyiladi: “Konstitutsiyamizning 37-moddasiga muvofiq, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.”
Majburiy mehnat nima va u qanday ko‘rinishlarga ega?
Majburiy mehnat – biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Ya'ni hech kim shaxsni ishdan bo‘shatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.
Quyidagi ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi:
- harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosidagi ishlar;
- favqulodda holat yuz bergan sharoitlardagi ishlar;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan qo‘llanadigan ishlar;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Demak, yuqoridagi ko‘rsatilgan hollardan tashqari xodimni zo‘rlash, yoki qo‘rqitish, jazo qo‘llash, mehnat faoliyati va rag‘batlantirishni cheklash kabi usullar orqali bevosita mansab vazifasiga kirmaydigan har kanday ishga jalb qilish majburiy mehnat deb topiladi. Hodimlarni ularning ixtiyorisiz obodonlashtirish, mavsumiy qishloq ho‘jaligi va qurilish ishlariga, shuningdek, turli tadbirlarga jalb qilish kabilar ham majburiy mehnatning ko‘rinishlari deb baholanadi.
Majburiy mehnatga jalb qilinayotgan shaxs qayerga murojaat etishi kerak?
Majburiy mehnatga jalb qilinayotgan shaxs Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat huquq mehnat inspektorlariga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.
Majburiy mehnatga jalb etgan shaxsga qanday jazo bor?
Ish beruvchi yoki biror mansabdor shaxsning fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilishi ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima belgilangan. Mansabdor shaxslarning majburiy mehnatga jalb qilishda, xuquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab Jinoyat kodeksining 205-, 206-moddalariga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi ekanligini ta'kidlab o‘tish muhim hisoblanadi. Adliya vazirligi majburiy mehnatga qarshi kurashishda barchani faollikka chaqiradi!
Mavzuga oid
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024