INTeRVYu | 20:01 / 08.05.2018
58792
5 daqiqa o‘qiladi

Shomahmudovlar «o‘n to‘rtligi»ning to‘ng‘ich qizi bilan suhbat 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 26 aprelida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Ikkinchi jahon urushi vaqtida O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan yetimlarning 14 nafarini o‘z bag‘riga olib, o‘zbek millatining bag‘rikengligini namoyon etgan Shomahmudovlar oilasi haqida eslagandi. Prezident Shomahmudovlar oilasi o‘zbekona mehr-oqibat timsoli ekanini ta'kidlab, ushbu oila xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikni eski joyiga qaytarish, Shayxontohur tumani hududidagi avval Shomahmudovlar nomi bilan yuritilgan Bog‘ ko‘chaga eski nomini qayta tiklashni topshiriq qilgandi. 

Ikkinchi jahon urushi davrida Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o‘rtog‘i Bahri Akramova urushda ota-onasini yo‘qotgan turli millat vakillarining farzandlarini asrab olgan edi. Keyinroq bu oila haqida rejissyor Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmida kengroq yoritib berilgan. 

Foto: Kun.uz

Temirchi Shoahmad ota va Bahri ona aslida farzandsiz edi. Ularning butun hayoti mehnatda o‘tgan. Ular urush yillarida rus, belarus, tatar, yahudiy, moldovan, qozoq va boshqa millatlarga mansub 14 nafar yetimni asrab olib voyaga yetkazishgan. Shoahmad ota «Hurmat belgisi» ordeniga loyiq ko‘rilgan, Bahri ona esa «Qahramon ona» deb e'tirof etilgan.

O‘sha vaqtda xizmatlari yuqori baholanib Shomahmudovlar oilasi yashaydigan ko‘cha oilaning nomi bilan atalgan edi. 1982 yilning 26 mayida Toshkent shahrida ushbu oila xotirasi uchun «Xalqlar do‘stligi» yodgorligi o‘rnatilgandi (hozirgi «Bunyodkor» metro bekati yaqinidagi «Istiqlol» san'at saroyi yonida). 2008 yilning 12 aprelida bu yodgorlik shaharning chekka hududiga ko‘chirib yuborilgan. 2017 yilning 1 mayida esa yodgorlik Yakkasaroy tumanidagi Do‘stlik bog‘iga joylashtirilgan. Hozirgi kunda esa yodgorlik yana o‘z o‘rniga qaytmoqda.

Foto: Kun.uz

«Kun.uz» ijodkorlari qahramon oilaning ahvolidan xabar olish maqsadida Toshkent shahri Shayxontohur tumani Jarariq mahallasida istiqomat qiluvchi oilaning katta qizi Olga Timoninaning uyiga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida taqdir taqozosi bilan haqiqiy o‘zbek ayoliga aylangan moldavan ayol qiyofasiga guvoh bo‘ldik. 

Olga Timonina bizga Ikkinchi jahon urushi va uning asoratlari, O‘zbekistonga qanday kelib qolgani hamda Shomahmudovlar oilasi qanday oila bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birgalikda, yoshligini eslab shirin va achchiq xotiralarini o‘rtoqlashdi. Ular bilan suhbatlashib ko‘z o‘ngimizda mashaqqatli hayot sinovlariga matonat bilan javob qaytaruvchi xalqimiz gavdalandi.

«...bor oyingning oldiga bor. Oyingga qarash deb dadam haydardilar. Yo‘q, men sizning oldingizda ishlayman deb dadamlarga qarashardim. Dadamning ishlari ko‘p edida. Shuning uchun, qiz bola bo‘lsam ham dadamlarga qarashardim. Dadam ekinlarni sug‘orayotganida suv kamaysa, ariq boshiga borib qarab kelardim. Ko‘mirga navbatda turib, dadam bilan ko‘mir olib kelardik. Gaz, elektr ko‘rmaganmiz biz. Bo‘lmagan u narsalar. Davlat tomonidan chigit, kunjara berilardi. Olib kelardik. Mehnatdan qochmasdik. Dadam va oyim juda mehribon edi. Yomon ish qilsak, darrov urshardi. Tarbiyalardi, rahmatli bo‘lishsin», - deya xotiralarini eslab o‘rtoqlashdi Olga Timonina.

Foto: Kun.uz

«Qari bilganni pari bilmas», deydi dono xalqimiz. Olga Timonina o‘zbek xalqining urushdan keyingi hayotini ham so‘zlab berdi. Biz Olga Timoninaning hayot yo‘li haqida ko‘p narsalarni bilib oldik. Olga Timonina suhbat so‘ngida biz yoshlarga sog‘liq tilab, «Vatanimiz boshqa urush ko‘rmasin va doim tinchlik bo‘lsin» deya duo qildi.

Biz «Kun.uz» ijodkorlari  Olga Timoninaga uzoq umr va sog‘lik-salomatlik tilab xayrlashdik. Unga farzandlarining rohatini ko‘rishni Yaratgandan so‘rab qolamiz.

Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid