21:59 / 08.05.2018
15237

VAR tizim bo‘lganida El Klasiko boshqacha hisobda yakunlanishi mumkin edi

Foto: Getty Images

Ukrainaning «Futbol 24» nashri «Barselona» – «Real» (2:2) o‘yinida yuz bergan va hakamning e'tiboridan chetda qolgan bir qancha vaziyatlarni keltirib o‘tdi - agar Ispaniyada hakamlarning video-yordamchisi tizimi (VAR) ishlaganida, hisob umuman boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Birinchi vaziyat. Messi Marselo bilan kurashda to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, bundan tashqari raqibining orqasiga musht tushirdi. Sariq karta? Yo‘q, hech narsa.

Ikkinchi vaziyat. Rakitich Kazemironing oyog‘ini bosib oldi. Ivan raqibga og‘ir jarohat yetkazishi mumkin edi, biroq hatto sariq kartani ham olmadi. 85-daqiqada esa yana bir qo‘polligi uchun sariq karta bilan jazolanishi kerak edi, ammo bu safar ham suvdan quruq chiqdi.

Uchinchi vaziyat. Beyl Umtiti oyog‘iga orqadan zarba berdi - shubhasiz «qizil». Ammo, hech qanday jazoga tortilmadi. Keyinchalik esa baribir sariq karta oldi. Tan olish kerak, Beyl o‘yinni oxirigacha o‘tkazmasligi shart edi, biroq jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golni urdi.

To‘rtinchi vaziyat. Jordi Alba Luka Modrichni tomog‘idan bo‘g‘di, ammo bu safar ham jazo qo‘llanmadi. Bosh hakam Varanga ko‘rsatilgan sariq kartani daftarchasiga yozayotgani tufayli, vaziyatni ko‘rmay qoldi.

Beshinchi vaziyat. Koutino orqadan Marselo oyog‘ini bosib oldi. Bu vaziyatda to‘p uchun kurash ketmayotgan edi. Futbolchi vatandoshiga nisbatan nega bunday qilganini tushunish qiyin.

VAR tizimini kelasi mavsumdan boshlab, Primera o‘yinlariga joriy qilish bo‘yicha javobgar bo‘lgan Velasko Karbalo «Barselona» - «Real» o‘yini qanday hisob bilan yakunlanishi borasidagi fikrlarini aytdi.

Gollar bo‘yicha: Luis Suares tomonidan Varanga nisbatan ishlatilgan qoidabuzarlik uchun, Messining goli inobatga olinmas edi. Alba tomonidan Marseloga ishlatilgan qoidabuzarlik uchun esa penalti belgilanishi shart edi. Umumlashtiradigan bo‘lsak, hisob 2:2 emas, balki «Real» foydasiga 3:1 bo‘lishi mumkin edi. 

Chetlatishlar bo‘yicha: Messi va Beyl maydondan chetlatilishi shart edi. Rakitich va Koutino ham bunday jazoga loyiq ko‘rilishi mumkin edi.

Top