O‘zbekiston | 20:22 / 10.05.2018
79785
4 daqiqa o‘qiladi

Uch opa-singil o‘limi bilan bog‘liq ish. Jabrlanuvchi nimadan xavotirda?

Joriy yilning 26 aprel sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida uch opa-singil o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha qo‘shimcha ajrim chiqarilgan. Ajrim orqali ekspertlar tarkibiga o‘zgartirish kiritilgani haqida Kun.uz saytida xabar berilgan edi.

2017 yilning 8 noyabrida Toshkentning Olmazor tumani Tansiqboyev-3 dahasida istiqomat qiluvchi oilaning 4, 6 va 8 yoshda bo‘lgan uch farzandi bir kunda ketma-ket vafot etgandi. 

Qizaloqlar o‘limi haqida dastlab paydo bo‘lgan xabarlarda ular vafoti arafasida tabib tayyorlab bergan damlama ichgani, bundan tashqari, qiyma kabob tanovul qilib, keyinroq og‘riq qoldiruvchi dori iste'mol qilgani — o‘lim sabablari sifatida aynan shu holatlar ko‘rilayotgani ta'kidlangan edi.

Keyinroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti opa-singil Qosimovalarning o‘limiga dori vositalarining noto‘g‘ri berilgani sabab bo‘lganini ma'lum qildi.

Bugun, 10 may kuni ekspertlar jamoasi sud zaliga yig‘ildi. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat protsessual kodeksining 68-moddasida nazarda tutilgan protsessual huquq va majburiyatlar tushuntirildi. Ekspertiza qonunan, adolatli, to‘liq va xolis amalga oshirilishi kerakligi ta'kidlandi. Ekspertiza jarayoni o‘tkazish davrida biror bir tashkilot ularning faoliyatiga aralashishi mumkin emasligi, agar shunday holat yuz bersa bosim o‘tkazishga harakat qilgan tashkilot qonun oldida javob berishi aytib o‘tildi. 

Mazkur ish bo‘yicha hukm o‘qilishi jarayonida barcha ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga prezident matbuot xizmati ham qatnashishi rejalashtirilayotgani ta'kidlandi.

Shu o‘rinda bir ma'lumotni berib o‘tishni joiz topdik. Joriy yilning 8 may sanasida jabrlanuvchi Z.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi, DXX, Bosh prokuratura, Oliy Majlis kabi tashkilotlarga murojaat qilib avvalgi ekspertlarning noobektiv xulosalari, Epidemologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi shifokorlari va anesteziolog-reanimatolog X.Giyasovning harakatlari tergov jarayonida to‘liq baholanmayotgani haqida vaj keltirib, ulardan amaliy yordam so‘ragan. 

Murojaatda bir vaqtlar X.Giyasovning otasi Respublika Sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosida boshliq sifatida faoliyat yuritgani, hozirda Vrachlar malakasini oshirish institutida Sud tibbiyot kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelayotgani aytilgan va shu sababli jabrlanuvchi ekspertlarning haqiqiy imkon bermasligidan xavotirda ekani aytib o‘tilgan.

Shu bilan birga, X.Giyasov tergov vaqtida so‘roq qilinganda, attestatsiyadan o‘tmaganini ta'kidlagan. Lekin keyinroq, 2016 yilda attestatsiyadan o‘tgani haqidagi ma'lumot paydo bo‘lib qolgan. Jabrlanuvchi yuqoridagilarni asos qilib mutasaddi tashkilotlardan amaliy ko‘mak so‘ragan.

Mazkur murojaatlarning natijasi bo‘yicha tez orada saytda xabar beriladi.

Zafarbek Solijonov

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid