O‘zbekiston | 18:00 / 14.05.2018
31796
2 daqiqa o‘qiladi

Ergash Rustamov Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi

Bugun, 14 may kuni Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida Toshkent shahar imom-xatiblarining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ishlarini yakunlash, bu oyni dinimiz ko‘rsatmalari hamda azaliy an'ana va qadriyatlar ruhida har tomonlama munosib o‘tkazish masalalari ko‘rildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: vakillik.uz

Yig‘ilishda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turganligi sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas'ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergash Rustamovni vaqtincha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining buyrug‘i o‘qib eshittirildi.

Ma'lumot uchun: Ergash Rustamov 1959 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 1997 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. 1996-1997 yy. – Toshkent islom instituti prorektori vazifasida ishlagan. 1996-2012 yy. – Toshkent shahar Chilonzor tumani “Sobitxon hoji” masjidi imom-xatibi, 2006-2010 yy. – Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, 2012-2017 yy. – O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyati vakili, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi va 2017 yildan  – Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari va Chilonzor tumanidagi “Sobitxon hoji” jome masjidi imom xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Mavzuga oid