15:30 / 14.05.2018
6233

Hindistonda barcha fil tishlari hukumat mulki sifatida tan olindi

Foto: AP / Sakchai Lalit

Hindiston hududida barcha fil tishlari – fil suyagining asosiy manbai – hind hukumati mulki deb hisoblanadi.

Ushbu qaror Hindiston Oliy sudi tomonidan qabul qilinib, qariyb 20 yil davom etgan nizolarga chek qo‘ydi.

«Hukumat buning [fil suyagi] uchun barcha huquqlarga ega ekanligiga shubha yo‘q», - deya sudyalar bayonotini keltirgan The Hindu gazetasi. Tegishli qaror Oliy sudning rais Dipak Misra boshchiligidagi kollegiyasi tomonidan qabul qilindi.

Bu qaror fil suyagi noqonuniy savdosi va brakonerlarning fillarni o‘ldirishiga qarshi kurashayotgan hindistonlik hayvonlar himoyachilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hindiston fil suyagi eksporti va importini taqiqlaydi, ammo mamlakatda qora bozor rivojlangan. Xartumlilar tishi hukumatga tegishli ekani haqidagi qonun bundan 20 yil oldin qabul qilingan, lekin brakonerlar va savdogarlar bu qonundagi noaniqlikdan foydalanib, o‘ldirilgan hayvonlardan olingan tishlarni «o‘lgan xususiy fildan», «suv toshqinidan o‘lgan fildan» olingan, deb ko‘rsatib kelishgan.

Oliy sudning qaroriga binoan, barcha tishlar hukumat mulki sanaladi, bunda ular tabiiy ravishda o‘lgan yoki tabiiy ofatda yoxud boshqa fil bilan jangda halok bo‘lgan fildan olingani endi ahamiyatsiz. Shuningdek, bu xususiy mulkda bo‘lgan fillardan olingan tishga ham tegishli (Hindistonda ham ibodatxona fillari, ham jismoniy shaxslarga tegishli fillar bor – ular asosan turistik biznesda foydalaniladi – tah.).

Shu bilan birga, qonun xususiy hayvonlarning egalariga tishlarni o‘zlarida saqlab qolishga ruxsat beradi, bunda mulk egasi u boshqa shaxsga sotilmasligi yoki chet elga olib chiqilmasligini kafolatlashi kerak.

 

Top