Orol dengizi bir necha millionlab yillar avval Kaspiy dengizi va Qora dengiz bilan birgalikda qo‘shilgan, dunyo okeanining bir qismi bo‘lganidan xabaringiz bormi?

Ustyurt platosi ham o‘sha qadimiy dengizning tubi bo‘lgan. Keyinchalik yer qobig‘idagi tektonik o‘zgarishlar natijasida ko‘tarilib, Orol va Kaspiy dengizlari o‘rtasida to‘siq bo‘lgan. Buni bugungi kunda Ustyurt platosi chinklarida namoyon bo‘layotgan qatlamlar va turli yotqiziqlar tarkibidagi bo‘r, gips qatlamlari isbotlab turibdi. Ularning orasidan qadimiy dengiz chig‘anoqlari, hattoki, millionlab yillar avval bu yerlarda istiqomat qilgan akulalarning tish qoldiqlari topilmoqda.

Umuman, Orol dengizi qadimda ham qurib turgan. Chunki dengizdan suv qochgach, bu joydan qadimiy manzilgohlar topilgani qadimda ham Orolning qurigani, uning o‘rnida odamlar yashaganidan dalolat berib turibdi.

Ustyurt platosi qatlamlaridan esa bugungi kunda sifatli gips, ohak, soda kabi mahsulotlar ishlab chiqarilayotganini alohida ta'kidlab o‘tish zarur.

Orol dengizi yoqasidagi chink qoyalari bo‘ylab yo‘l bosar ekansiz, yo‘lingizda qadimiy qabristonlar uchrab turadi. Ularning aksariyati eramizdan avvalgi IV-II asrlarga tegishli. Qabrtoshlardagi qadimiy yozuvlar ham bundan dalolat berib turibdi. Oktyabr Do‘spanovning aytishicha, ushbu mangu qo‘nimgohlarning har biri o‘rganib chiqilgan. Ayrimlarida qazilma ishlari ham olib borilgan.

Biz Orol dengizining Oqtumshuq burniga yaqin joylashgan qismiga yetib borganimizda quyosh ufqqa bosh qo‘yayotgan edi. Eslasangiz, Orol dengizi bo‘yida 2017 yilda ikkita sayyohlik majmuasi tashkil qilingani haqida xabar berilgan edi. Ekspeditsiyamiz guruhi Tazabay Grand Service kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan majmuada joylashdi.