Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi hamda tuman hokimliklari qo‘llovi va ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Orolbo‘yi hududi va Orol dengiziga media tur o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistondagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari (jumladan, Kun.uz muxbiri), fotomuxbirlar, blogerlar, Suv xo‘jaligi vazirligi va FVV qoshidagi O‘zgidromet xodimlari, asli kanadalik bloger Loren Chan, MOMEM xodimlari ishtirok etishdi.

Media turdan ko‘ra formati ekspeditsiya ko‘rinishini olgan sayohatga qoraqalpog‘istonlik professional gid, tarix fanlari nomzodi, arxeolog Oktyabr Do‘spanov hamrohlik qildi.

Orol dengizi… Yarim asrdan buyon chekinayotgan, Markaziy Osiyo xalqlarining qalb og‘rig‘iga aylangan mavzu.

«Har safar kelganimda Orolni qarib-qartayib, bir burda bo‘lib qolgan, soch-soqollari oqarib ketgan mo‘ysafid cholga mengzayman, — deydi Oktyabr Do‘spanov. — U bilan tovush chiqarmasdan so‘zlashaman. Ketayotganimda u meni qo‘yib yuborishni istamayotgandek bo‘laveradi…»

Toshkentdan Nukusga 1 soatu 20 daqiqalik parvozdan so‘ng, mehmonxonada media tur a'zolari kechki taomlanish ustida ertangi qilinadigan ishlar rejasini tuzib chiqishdi.

Erta tongdan 12ta yo‘l tanlamas Toyota mashinalarida turnaqator bo‘lib Orol sari yo‘l oldik.

Qo‘ng‘irotdan o‘tganimizdan so‘ng bir paytlar Orol mavjlangan, biroq hozirgi kunda saksovulu shuvoqlar o‘stirilayotgan joyda bizni Qo‘ng‘irot tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov kutib oldi. U jurnalist va blogerlarga qisqacha intervyu berib, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi.

Shundan so‘ng guruhimiz Ustyurt platosi tomon yo‘l oldi. Ustyurt qoyalari ko‘rinish bera boshladi. Chink deb ataluvchi qoyalar uzra yuqoriga o‘rlar ekanmiz, Oktyabr Do‘spanov o‘sha yerda kichik tanaffus qilib, yuqoridan turib bir paytlar Orol dengizi osti bo‘lgan bu maydonlar qay tariqa saksovulzorlarga aylantirilayotgani haqida gapirib berdi. Avvallari An-2 samolyotlari orqali saksovul urug‘i sepilgan maydonlar endi texnika bilan haydalib saksovullar ekilmoqda: qayerdadir urug‘idan, qayerlardadir ko‘chatidan.