10:55 / 17.05.2018
6886

Navoiyda 170dan ziyod investor ishtirokida xalqaro biznes forum bo‘lib o‘tdi

Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan Navoiy viloyati o‘zining yer osti boyliklari hamda tabiiy-iqlim sharoiti bilan alohida ajralib turadi. Vohada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishda esa mahalliy tadbirkorlarni xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yangi-yangi loyihalar ustida ish olib borishga jalb etish muhim ahamiyatga egadir.

Shu sababli viloyatda xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli iqtisodiy anjumanda dunyoning 34ta davlatidan 170 nafardan ziyod investor hamda bir qator xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari va diplomatlar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligi axborot xizmati.

Tadbirning birinchi kunida ishtirokchilar Karmana, Navbahor va Nurota tumanlarida bo‘lib, ushbu hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Mehmonlarga, shuningdek, vohaning investitsion salohiyati, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar xususida batafsil ma'lumot berildi.

— Bugungi kunda Navoiyda Angliya, Hindiston, Xitoy, Shveytsariya kabi rivojlangan mamlakatlar hamkorligidagi qariyb 70ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari O‘.Islomov. — Ular tomonidan o‘nlab turdagi oziq-ovqat, qurilish va boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilyapti. So‘nggi yillarda xorijlik hamkorlarimizning mamlakatimizda, xususan, Navoiyda yaratilgan qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitiga qiziqishlari tobora ortib, mazkur jarayon sezilarli ravishda yuksalayotir. Bu esa mintaqamizda investorlar ko‘magida qator korxonalar tashkil etilishida asos bo‘lyapti.

Biznes-forumning ikkinchi kuni «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi bo‘ylab sayohatdan boshlandi. Iqtisodiy hudud direksiyasining anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirokchilarga viloyatning logistika imkoniyatlari hamda yaratilgan boshqa qulayliklar xususida taqdimotlar o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Q.Tursunov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, yurtimizda erkin iqtisodiy zonalar va sanoat hududlarining faoliyatiga e'tibor qaratdi. Jumladan, hozirda mamlkatimizda 12ta xuddi shunday zona hamda 45ta sanoat hududi faoliyat olib bormoqda. Ularda yaratilgan soliq va boshqa imtiyozlar esa xorijlik tadbirkorlarni qiziqtirmoqda. Yaqin yillar ichida yana 50ta yangi sanoat hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan. «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi yurtimizda eng birinchilardan tashkil etilgan sanoat hududi bo‘lib, bu yerda barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan.

— Mamlakatimiz O‘zbekiston, xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlikda ish olib boradi, — deydi Belarus Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich. — Jumladan, o‘lkangizning tog‘-kon sanoati uchun «BeLAZ» rusumli yuk avtomashinalari yetkazib beryapmiz. Yaqinda ishbilarmonlarimiz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqish korxonasini tashkil etdi. Bundan tashqari, ayni vaqtda Navoiyda broyler tovuq yetishtirish borasida ham yirik loyihani amalga oshirish harakatidamiz. Hozirda bu borada muzokaralar jarayoni boshlab yuborilgan. Umuman olganda, o‘zaro iqtisodiy aloqalarimiz ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlamoqda.

Forum doirasida, shuningdek, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari O.Hamrayev, Xususiylashtirish, monopoliyaga qarshi kurash va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Obidovlar so‘zga chiqib, yurtimizda investorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, kelgusida bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida to‘xtalishdi.

— 2002 yildan buyon kompaniyamiz Qiziltepa tumani hududidagi To‘dako‘l suv havzasida baliq yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi, — deydi Isroil davlatining «Galidi» kompaniyasi menejyeri Ofer Berzak. — Bugungi kunda Aydarko‘lda ham baliqchilik, xususan, konservalash loyihasini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Xalqaro forum doirasida navoiylik sheriklar bilan mazkur loyiha yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdik. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.

— O‘zbekiston quyoshli o‘lka, bu yerda tabiiy energiya ishlab chiqarish imkoniyatlari katta, — deydi Finlandiyaning «ABB» kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Glen Nyuholm. — Bizning korxonamiz ayni shu yo‘nalishda ish olib boradi. Xalqaro forum doirasida yurtingizning muqobil energiya ishlab chiqarish borasidagi imkoniyatlari bilan to‘liqroq tanishdim. Biz bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz. Kelgusida mintaqada fotoelektr stansiyalar barpo etish loyihalari ustida ishlashni rejalashtirib oldik.

Xalqaro biznes-forumda navoiylik mahalliy tadbirkorlar xorijlik hamkasblari bilan muzokaralar olib borishdi. Mazkur uchrashuvlarda turizm, baliqchilik hamda qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi. Shundan so‘ng, investorlarning forum yuzasidan hisobotlari tinglandi. Anjuman yakunida kelgusidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish borasida 20ga yaqin memorandum imzolandi. Bunda Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Xitoy va Tojikiston davlatlarining ishbilarmon doiralar vakillari tashabbuskorlik ko‘rsatdi.

Top