Jamiyat | 02:17 / 17.05.2018
23092
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni hayotga tatbiq qilishga qat'iy tayyor​

Foto: Prezident matbuot xizmati

AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonda “vijdon mahbuslari”ning ozod qilinganligi, bolalar mehnatidan muntazam foydalanishning tugatilganligi va majburiy mehnat ko‘lamini qisqartirishda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq holatni yaxshilashga oid keng islohotlar dasturini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Ushbu yutuqlar iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratishi ta'kidlandi. Prezident Tramp davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish va ichki barqarorlikni ta'minlashning asosiy omili sifatida davlatning xalq oldidagi oshkoraligi va hisobdorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbarlari inson erkinliklarini himoya qilish, shu jumladan, diniy erkinlikni ilgari surish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikni faollashtirish tarafdoridirlar. Prezident Sh.Mirziyoyev diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni hayotga tatbiq qilishga qat'iy tayyor ekanligini aytib o‘tdi", deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifidan 3 kun oldin Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullayev va u bilan birga davlatga qarshi og‘ir jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar sud zalidan ozod etilgandi. Shuning bilan, O‘zbekiston qamoqxonalarida hech qanday jurnalist qolmagani e'tirof etildi.

Mavzuga oid