21:20 / 17.05.2018
6259

O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi

Bugun, 17 may kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasining ta'sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Ayni kunda respublikamizda 140dan ortiq nashriyot va 450dan ortiq kitob savdosi majmualari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu Assotsiatsiya kitob mahsulotlarini nashr etish va xaridorlarga yetkazish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etuvchi mustaqil tuzilma sifatida ish boshlamoqda. Assotsiatsiya bir vaqtning o‘zida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, bu jarayonlarni keng targ‘ib qilish, nashr va savdo sohasidagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

– Bugungi kunda respublikamizda kitob mahsulotlari targ‘ibotini yanada kengroq amalga oshirish, aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida hukumat darajasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangriyev. – Bunga misol sifatida 2018 yil 16 may kuni Namangan viloyatining Norin tumanida mamlakatimizdagi ilk Matbuot va axborot-kutubxona markazining ochilganini keltirish mumkin. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatda faoliyat yurituvchi kutubxonalar, kitob do‘konlariga uslubiy yordam ko‘rsatishdan iboratdir. Bugun esa Agentlik tomonidan noshirlar va kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasini tuzish taklif etilmoqda.

Alohida ta'kidlash kerakki, Assotsiatsiya tomonidan kitob savdosiga ixtisoslashgan kitob do‘konlariga maxsus guvohnomalar berilishi joriy etiladi. Guvohnomaga ega bo‘lgan tadbirkorlar doimiy ravishda kitob savdosi, nashriyot faoliyati, xorijiy davlatlarning kitob savdosidagi ilg‘or tajribalari bilan tanishtiriladi va malakasi oshirib boriladi.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi raisligiga saylagan «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti direktori Erkin Abdurahmonov Assotsiatsiya tomonidan yurtimizdagi har bir kitob do‘konida turishi shart bo‘lgan adabiyotlar ro‘yxati ishlab chiqilishi zarurligini ta'kidladi:

– O‘z navbatida, bu ishni amalga oshirish uchun barcha noshirlar hamda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlarining kuchlarini birlashtirishimiz lozim. Shuningdek, adabiyotlarni nashr etishda barcha kitob do‘konlarining umumiy buyurtmasini shakllantirish orqali kitobning narxini pasaytirishga erishamiz. Assotsiatsiya noshirlar va kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaydi, aksincha, kitob savdosini yaxshilash uchun ham tashkiliy ham uslubiy ko‘mak beradi.

Bundan tashqari, ta'sis yig‘ilishida hozirgi kunda xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta'lim muassasalariga o‘z vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish bilan bog‘liq boshqa masalalar muhokama qilindi.

Top