14:40 / 18.05.2018
9920
Reklama

“O‘zstandart”ning Samarqand markazi tashabbusi bilan “Halol” turizm bo‘yicha seminar tashkil etildi

“Ey insonlar! Yerdagi halol va pok narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir!”

Baqara surasi 168-oyat

Islom dinining muqaddas kitobi bo‘lmish Qur'oni Karim eng go‘zal va hikmatli hidoyat dasturidir. Qur'oni Karim hamda Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) hadislari asosida ishlab chiqilgan “Halol” standartlarining mamlakatimizda qabul qilinishi mahsulot eksport salohiyati ortishiga, “Halol” turizmni rivojlantirish orqali turistlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Samarqand viloyati turizm salohiyati yuqoriligi, har bir soha kabi ushbu sohani rivojlantirishda Davlatimiz rahbari darajasida katta e'tibor qaratilayotganligi, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “2018-2019 yillarda Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligi dasturulamal bo‘lmoqda.

Foto: O‘zstandart

Samarqand viloyat hokimligida  “O‘zstandart” agentligi “Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tashabbusi bilan ““Halol” standarti bo‘yicha turizm sohasida umumovqatlanish shoxobchalari faoliyatini tashkil etishning ahamiyati” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, “O‘zbek Turk-test markazi” qo‘shma korxonasi rahbar xodimlari ham o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

“Halol” turizm bo‘yicha tashkil etilgan seminarga taklif qilingan mehmonxona, yirik umumiy ovqatlanish korxonalari, turistik korxonalar vakillari qiziqishlariga sabab bo‘ldi, ularning faol ishtiroki tufayli seminar savol-javoblar hamda qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar ushbu seminar ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi, shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti va uning ravnaqi uchun ham muhimligini bildirishdi.

Oilaviy hordiq chiqarish, hamyonbop turar joylarda tunab, sifatli, ozoda ovqatlanish shoxobchalarida taomlanish. Kamchiqimlikni xush ko‘ruvchi va isrofdan o‘zini tiyadigan kishilar uchun yaratilgan xizmat bo‘lmish “Halol turizm” yuzasidan atroflicha ma'lumotlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tarixiy qadamjolari, turli din vakillarining ahil yashashi bilan sayyohlar orasida mashhur. Biroq ushbu salohiyatning o‘zigina millionlab sayyohlarni mamlakatimizga jalb etish uchun yetarli emasligi, sayyohlarni jalb etishda “Halol” turizmni tashkil etish hamda xalqaro e'tiroflarga sazovor bo‘lish muhim omillardan biri ekanligi ta'kidlandi.

Foto: O‘zstandart

Musulmon dunyosida mavjud “Halol” standartlari bilan uyg‘unlashgan quyidagi O‘zbekiston Davlat standartlari “O‘zstandart” agentligi tomonidan mamlakatimizda joriy etilgan bo‘lib, yig‘ilganlarga atroflicha ma'lumotlar berildi:

-  TS OIC/SMIIC 1:2011 standarti asosida O’zDSt 3286:2018 “Halol oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha umumiy qo‘llanma”;

-  TS OIC/SMIIC 2:2011 standarti asosida O’zDSt 3301:2018 “Halol sertifikatlashtirish idoralariga qo‘yilgan talablar”;

-  TS 13571:2013 standarti asosida  O’zDSt 3300:2018 “Halol ovqat va ichimliklar tayyorlanadigan, saqlanadigan va sotiladigan joylar uchun O’zDSt 3286:2018  qo‘llanishini muayyan talablari”;

-  MS 2200: PART 1:2008 standarti asosida  O’zDSt 3302:2018 “Islom iste'mol mahsulotlari – 1 qism Kosmetika va shaxsiy gigiyena - umumiy qo‘llanma”;

-  MS 2200:PART 2:2013 standarti asosida O’zDSt 3303:2018 “Islom iste'mol mahsulotlari – 2 qism  Hayvonlar suyagidan, terisidan va junidan foydalanish – umumiy qo‘llanma”.

Shuningdek, hozirgi kunda “O‘zstandart” agentligi tomonidan “Halol” standartlarining xizmatlar bo‘yicha boshqa standartlarini ham qabul qilish ishlari olib borilayotganligi to‘g‘risida axborot berildi. 

Top