O‘zbekiston | 22:57 / 18.05.2018
15110
6 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari: O‘zbekistonda mahalliy nodavlat universitetlarini ochilishiga imkoniyat yaratishimiz zarur

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov O‘zbekistonda nodavlat oliy ta'lim muassasalari faoliyatini boshlash uchun imkoniyat zarurligini ta'kidlamoqda. U bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qilgan.

«​Bu masalaning muhimligini quyidagi Jahon banki ma'lumotlari asosida tayyorlangan grafikda ko‘rish mumkin. 1990 yilga nisbatan deyarli barcha davlatlarda oliy ta'lim bilan qamrov darajasi oshgan, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatgich pasayib, hozirgi vaqtda 9% atrofida tashkil etadi, ya'ni dunyoda 117-o‘rin. Bu esa Global innovatsion indeksdagi O‘zbekistonning o‘rniga juda salbiy ta'sir qiladi.

Bunday holatning (asosiy) sababi: aholi soni oshib borgan, lekin oliy ta'limga qabul kvotalari ushbu davr davomida deyarli ortmagan. Faqat yangi ochilgan chet el universitetlari hisobidan qabul soni ko‘paygan.

Masalaning muhimligini yana quyidagi omillar ko‘rsatadi:

  1. Prezidentimiz tomonidan jamiyatimiz rivojida xususiy sektorga keng imkoniyat yaratish ustuvor vazifa qilib belgilangan ekan, xususiy sektor nafaqat boshlang‘ich va maktab ta'limida, balki oliy ta'limga ham kirib kelishiga imkoniyat yaratilishi kerak;
  2. Dunyodagi eng yuqori reytingga ega universitetlar aynan nodavlat universitetlaridir. Ular o‘zining obro‘sini oshirish uchun sifatli bitiruvchi chiqarishga harakat qiladi;
  3. O‘zbekistondagi xorijiy universitetlar filiallarining ham ko‘pchiligi nodavlat universitetlardir;
  4. Ta'lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha inspeksiya tuzilishi ham bu yo‘nalishda o‘ziga xos qadamdir, ya'ni «diplom sotish» bilan shug‘ullanadigan universitetlar faoliyatiga yo‘l qo‘yilmasligini nazorat qila oladi;
  5. Nodavlat universitetlar ko‘payishi bilan ular orasidagi raqobat kuchayishi natijasida ular ta'lim sifatiga alohida e'tibor beradigan bo‘ladilar;
  6. Nodavlat universitetlari sifatni oshirish uchun yaxshi o‘qituvchilarni jalb qilishga harakat qilishadi, bu esa ularni maoshlari hamda sharoitlarini yaxshilashga va hatto chet elda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali professorlarimizni mamlakatimizga qaytarishga ham imkoniyat yaratadi;
  7. Ish beruvchilar ham bundan buyog‘iga diplomdan ko‘ra aynan nomzodning bilim va ko‘nikmalariga ko‘proq e'tibor qaratishyapti, shuning uchun xususiy universitetlarga kirgan talabalar o‘zlarini ustida ko‘proq ishlashga harakat qiladilar. Ularni hech kim «majburlab» o‘qitishi shart emas ba'zi davlat universitetlaridagi kabi;
  8. O‘zbekistonda eng ko‘p resurs bu aynan inson resursidir, shuning uchun ushbu resursdan imkoni boricha yaxshiroq foydalanilsa mamlakat iqtisodiyoti yanada yaxshiroq rivojlanadi. Inson resursi ko‘proq qo‘shimcha qiymat keltirishi uchun esa ta'limni kuchaytirish kerak. Xususiy sektor esa davlat sektoridan ko‘ra doimo sifatliroq ishlaydi. Shuning uchun ham nodavlat universitetlari ochilishiga imkoniyat yaratish zarur;
  9. Mahalliy tadbirkorlar orasida mahalliy nodavlat universiteti ochishga sarmoya kiritish niyatida bo‘lganlar ham anchagina. Bu ularning bizneslari rivoji uchun ham yuqori malakali mutaxassis yetishtirishga ham xizmat qiladi. «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida» bunday imkoniyat yaratilishi mamlakatimiz rivoji uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ladi»​, deb o‘z mulohazalarini bildirgan vazir o‘rinbosari.

Sherzod Shermatovning aytishicha, u bu masalada «Mening fikrim» portaliga petitsiya ko‘rinishida taklif kiritgan, biroq nimagadir moderator amaldorning taklifini rad etdi.

Taklifning rad etilish sababi O‘zbekistonda nodavlat universitetlar ochilishiga imkoniyat yaratish haqidagi masala 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 165-bandida nazarda tutilgani bilan izohlanadi.

Xususan, Davlat dasturining 165-bandida «Ta'lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, loyihada:

  • nodavlat ta'lim xizmatlarini tashkil etish va faoliyatini litsenziyalash;
  • ta'lim tizimida davlat-xususiy sherikchilikning asosiy qoidalari va yo‘nalishlarini belgilash, qolaversa ta'lim jarayonini zamonaviylashtirishga oid boshqa qoidalarni belgilash ham nazarda tutilgan.

«​Aslida bu rad etish qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Davlat dasturini ko‘rsatilgan bandida ham boshqa topshiriq berilgan. Mayli, agar haqiqatan (yangi tahrirdagi - tahr.) «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda buni ko‘zda tutishsa, juda yaxshi ish bo‘lardi»​, deb so‘zlarini yakunlagan Sherzod Shermatov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim tizimining boshqaruvi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida oliy ta'limni boshqarish davlat vakolatli organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim boshqaruv organi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hisoblanadi. 2018 yil 1 may holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha oliy ta'lim muassasalari jami 82ta bo‘lib, shulardan universitetlar 21ta, institutlar 35ta, akademiyalar 2ta, filiallar 15ta, konservatoriya 1ta, Oliy maktab 1ta, Chet el OTM filiallari 7tani tashkil etadi.

Mavzuga oid