07:50 / 20.05.2018
8506

O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi

19 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining navbatdan tashqari saylov Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, taekvondo WTF assotsiatsiyasi mutasaddilari, viloyat bo‘limlari rahbarlari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar tarqatdi.

Yig‘ilish avvalida delegatlarga kun tartibi tanishtirildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberdiyev so‘zga chiqdi va so‘nggi yillarda taekvondo WTF yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, terma jamoamiz sportchilari qayd etayotgan natijalar haqida gapirdi. Keyin esa u taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi rahbarligi uchun shu kungacha O‘zbekiston taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Laziz Saydivaliyevich Hasanov nomzodini ko‘rsatdi. Qizg‘in bahs munozaralardan so‘ng Laziz Hasanov nomzodi qo‘llab-quvvatlandi va u O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga saylandi.

O‘z navbatida yangi rahbar oldiga ma'lum talab va vazifalar qo‘yildi. Jumladan, Laziz Hasanov qisqa vaqt ichida terma jamoalarga iqtidorli sportchilar yetkazib berish tizimini qayta ko‘rib chiqishi, murabbiylar malakasini oshirishga e'tiborni kuchaytirishi, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda o‘zbekistonlik taekvondochilarning muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun zarur choralar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa, O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining navbatdan tashqari saylov Konferentsiyasi o‘z ishini yakunladi.

Top