22:49 / 21.05.2018
5050

Xokkey bo‘yicha Turkmaniston terma jamoasi ilk bor jahon reytingiga kirdi

Xokkey bo‘yicha Turkmaniston terma jamoasi Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) milliy terma jamoalar jahon reytingiga ilk bor kirdi. Bundan federatsiya saytidagi ma'lumotlar darak bermoqda.

50 ta jamoadan iborat ro‘yxatda Turkmaniston 200 ball bilan 49-o‘rinni egallamoqda. Oxirgi o‘rinni esa 140 ochko bilan Kuvayt egallagan. U ham ilk bor reytingga kirgan. 

Turkmaniston reytingga 2019 yilgi jahon chempionati 3-divizioni A guruhi saralash bosqichidagi muvaffaqiyatli o‘yini hisobiga kira oldi. Turkmaniston Bosniya, Kuvayt va BAA terma jamoalarini mag‘lub etib, ilk bor jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Turkmaniston terma jamoasi IIHF’ga 2015 yilda a'zo bo‘lgan. Ushbu terma jamoa Qozog‘istondan keyin rasmiy xalqaro musobaqalarda ishtirok etuvchi Markaziy Osiyoning ikkinchi davlati hisoblanadi.

Top