Iqtisodiyot | 11:27 / 22.05.2018
15075
3 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan hafta onlayn auksion orqali 1,3 mlrd so‘mga teng avtoraqamlar sotildi

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 14 maydan 18 maygacha bo‘lgan davr mobaynida “O‘zRTXB” AJda 646,1 mlrd so‘mlik bitimlar tuzildi. Bu esa o‘tgan haftadagi natijadan 26 foizga ortiq ekanligini ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda "O‘zRTXB" AJ matbuot xizmati.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolarining hajmi 485,7 mlrd so‘mdan 628,0 mlrd so‘mga ko‘tarildi. Sotuvlar bo‘yicha qurilish mollari birinchi o‘rinni 30,2 foiz bilan egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda paxta tolasi joylashgan bo‘lib, birja bozorining 19,2 foizini egalladi. Keyingi o‘rinda oziq-ovqat tovarlari joylashgan bo‘lib, uning ulushi 10,4 foizni tashkil qiladi.

Valyuta savdo maydonchasi orqali 1,13 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar sotildi. Kelishuvlarning asosiy qismini polietilen tashkil etdi. Uning ulushi 78 foiz. Kelishuvlarning qolgan qismi texnik moyga tegishli. Uning ulushi 22 foizga teng.

Avtoraqamlar bo‘yicha onlayn auksion

O‘tgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 81ta avtomobil raqamlari sotildi. Ularning 55tasi jismoniy shaxslarga, 26tasi yuridik shaxslarga sotilgan. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 1,3 mlrd so‘mdan oshdi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning deyarli 66 foiz birinchi toifadagi avtoraqamlar, 19 foiz bitimlar ikkinchi toifa avtoraqamlar va 13 foiz bitimlar 3-toifa avtoraqamlar bo‘yicha tuzilgan.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 60 foizga teng. Keyingi o‘rinda Surxondaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari avtohavaskorlari har biri 6 foiz ulush bilan joylashdi. Uchinchi o‘rin Buxoro va Namangan viloyatlari avtohavaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 5%ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 12 foizga teng.  

Eslatib o‘tamiz, 7 maydan 11 maygacha onlayn auksionlar orqali sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 678 million so‘mdan oshgandi.

Mavzuga oid