Jismoniy tarbiya va sport vazirining asosiy vazifalari belgilab qo‘yildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Vazirlikning markaziy apparati;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport Vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari;
yuridik shaxs maqomiga eta bo‘lgan idoraviy mansub tashkilotlar;
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalari;
“Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat korxonasi;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti;
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi;
Suv sporti turlarini rivojlantirish respublika markazi;
Olimpiya shon-shuhrati muzeyi;
sport yakka kurashlari, sport o‘yinlari, sportning qishki va murakkab texnik turlari, gimnastika, suv sporti turlari, yengil atletika, ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktablari;
Respublika o‘smirlar sport mahorati oliy maktabi;
Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi;
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi;
Sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi;
Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi;
Suv sporti turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi;
“Sport” gazetasi tahririyati” davlat korxonasi;
oliy sport mahorati maktablari;
ixtisoslashtirilgan Respublika olimpiya zaxiralari maktab-internati;
sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari;
sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari;
bolalar-o‘smirlar sport maktablari.
Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etishga, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashga, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirishga, xalqaro sport maydonida yuqori natijalarga erishib mamlakatni munosib ifodalashni ta'minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
Vazirliklar va idoralarning jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va instruktorlari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish;
bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta'limi sifatini oshirish, barcha mintaqalarda, ayniqsa, qishloq va chekka tumanlarda bolalar sporti obektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;
Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishni ta'minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan hamkorlik qilish;
mamlakatimizda professional, ommaviy sportni, shu jumladan, sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalarni tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan substansiyalar va (yoki) taqiqlangan usullar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanilishini ta'minlash, sport asbob- uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta'lim va sport-ta'lim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta'minlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining asosiy funksional vazifalari:
1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
2) yakka boshchilik tamoyiliga asoslangan holda Vazirlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha tasdiqlangan konsepsiyalar, kompleks dasturlar va kompleks tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
4) Vazirlik va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) Vazirlik faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni xizmatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, shuningdek, tegishli Vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati yig‘ilishlarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikaning Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;
7) o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarini taqsimlash, Vazirlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Vazirlik faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
8) Vazirlik faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, Vazirlik va o‘z o‘rinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi nazorat qilinishini ta'minlash;
9) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida" 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining "Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida sifatli ijro etilishi uchun tarkibiy va hududiy bo‘linmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy mas'uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
10) Vazirlik xodimlarini tizimli qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
11) Vazirlik tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Vazirlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
12) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Vazirlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta'minlash;
13) faoliyat sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ular "Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida", "Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3161-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti deb ataladi) va Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti (keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasining Reglamenti deb ataladi) talablariga qat'iy muvofiq ravishda o‘z vaqtida kiritilishini tashkil etish, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
14) "Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida", "Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 17 oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihasi faoliyatining Namunaviy reglamentiga muvofiq Vazirlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
15) Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni, zarurat bo‘lganda, boshqa Vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli qarorlarni qabul qilish;
16) Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta'minlash, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3161-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qo‘yish);
17) Vazirlik rahbarlari va xodimlari xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida" 2014 yil 5 martdagi PQ- 2142-son va "Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017 yil 3 avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta'minlash;
18) o‘z o‘rinbosarlari hamda tarkibiy va hududiy bo‘linmalar rahbarlari faoliyati samaradorligini va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Vazirlik hay'ati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
19) Vazirlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, o‘z o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishining maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning shaxsiy mas'uliyatini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
20) Vazirlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Vazirlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlashni nazorat qilish;
21) "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Vazirlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
22) Vazirlik hamda uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini ta'minlash;
23) aholi va tadbirkorlik sub'yektlari bilan hamkorlik qilishda, shu jumladan, "yagona darcha" prinsipini joriy etish orqali davlat xizmatlari sifati va samaradorligini hamda ulardan erkin foydalanishni oshirish hamda "Elektron hukumat to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
24) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 martdagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va davlat tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomda belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
25) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Vazirlik xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta'minlash;
26) davlat siriga kiritilgan ma'lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
27) Vazirlik markaziy apparati shtat jadvalini xodimlarning tasdiqlangan shtat birliklarining belgilangan soni asosida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi byudjyet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan markaziy apparat va idoraviy mansub tashkilotlarning xarajatlar smetasini tasdiqlash;
28) Vazirlikning hududiy bo‘linmalari nizomlarini, shuningdek, idoraviy mansub tashkilotlar ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
29) markaziy apparat xodimlarini, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarini, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirini belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
30) Vazirlik hay'atiga va markaziy apparat yig‘ilishlariga rahbarlik qilish;
31) O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va sport turlari bo‘yicha federatsiyalar (assotsiatsiyalar) bilan birgalikda O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi va ishtirok etishi bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosini ta'minlash;
32) ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda respublikada professional sportni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha muntazam choralar qabul qilinishini ta'minlash, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va qit'a musobaqalarini tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan substansiyalar va (yoki) taqiqlangan usullarga qarshi kurash bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish;
33) sport bazalari va sport-sog‘lomlashtirish tashkilotlarini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sport asbob-uskunalari va inventarlar mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishi kengaytirilishini tashkil etish bo‘yicha manfaatdor Vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan takliflar tayyorlanishini tashkil etish;
34) iste'dodli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash chora- tadbirlari qabul qilinishini ta'minlash, ularning mahoratini oshirish va seleksiyaning uzluksiz tizimini takomillashtirish, ularning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, jahon, Osiyo chempionatlarida va boshqa nufuzli musobaqalarda, shuningdek, turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlarini ko‘rish;
35) jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlash, tegishli Vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklarning ijro etuvchi organlari, federatsiyalar (assotsiatsiyalar) va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
36) jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash chora- tadbirlarini ko‘rish, qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etish, ta'lim va sport muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa mutaxassislar bilan ta'minlash;
37) jismoniy tarbiya va sport sohasi xodimlari va mutaxassislarini, ularning ko‘p yillik va samarali faoliyati, alohida o‘rnak ko‘rsatganligi, xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlariga taqdimnomalar belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlash va tavsiyalar berish;
38) O‘zbekiston sport delegatsiyalarining xalqaro sport musobaqalarida va jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda ishtirokini ta'minlash;
39) berilgan sport unvonlarini, razryadlar va malaka toifalarini tasdiqlash;
40) Vazirlik tomonidan oliy ta'lim muassasasi bilan birgalikda tashkil etilgan tanlov natijalari bo‘yicha davlat oliy ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini (kafedra mudirlarini) lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
41) jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda vakillarning O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirokini ta'minlash.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksional vazifalariga ham ega bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Vazir boshchilik qiladi.
Vazir o‘z maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a'zosi hisoblanadi.
Vazirning uch nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari va boshqa o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Vazir bo‘lmagan vaqtda uning vakolatlari vazifalar taqsimotiga binoan uning o‘rinbosarlari tomonidan bajariladi.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
21:36 / 24.10.2024
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatildi va Migratsiya agentligi tashkil etildi
18:22 / 24.10.2024
«O‘zagroinspeksiya» hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi
20:22 / 21.10.2024