O‘zbekiston | 21:03 / 23.05.2018
9942
7 daqiqa o‘qiladi

Energiya resurslari, suv ta'minotidan qarzi bor fuqarolarga xorijga avia va poyezd chiptalari sotilmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 may kungi «Energiya resurslarini iste'mol qilish, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ijro ishini yuritish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №379-sonli qarori qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasi energiya resurslarini iste'mol qilish, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ijro ishini yuritish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida ushbu qarorga kelgan.

Qaror matniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 maydan boshlab qarzdorlar, shu jumladan, yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari hamda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlar to‘g‘risida barcha uchun ochiq ma'lumotlar bazasi ishlab chiqilmoqda.

Yirik bitimlar, ayrim turdagi moliya-kredit xizmatlari, xalqaro yo‘lovchi tashish xizmatlari va davlat xizmatlari jismoniy va yuridik shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari, shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjudligi tekshirilganidan keyin amalga oshiriladi;

Qarzdorlik mavjudligini tekshirish vaqolatli tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi ma'lumotlar bazasi orqali onlayn rejimida tegishli yirik bitimlarni amalga oshirish va xizmatlar ko‘rsatishdan avval amalga oshiriladi;

Yirik bitimlarni amalga oshirish va tegishli xizmatlar ko‘rsatishga qarzdorlikni tekshirish natijalari bo‘yicha yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari, shuningdek, mulkiy tusdagi ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanmagan qarz aniqlanmagan taqdirdagina ruxsat etiladi. Bu hollarda bitimni amalga oshirayotgan yoki xizmatlar ko‘rsatayotgan tashkilot MIB ma'lumotlar bazasidan tegishli ko‘chirmani chop etadi hamda uni tegishli bitimlarni amalga oshirish va xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq materiallarga biriktirib qo‘yadi;

Jismoniy va yuridik shaxslarda qarzdorlik aniqlangan taqdirda, bitimni amalga oshirayotgan yoki xizmatlar ko‘rsatayotgan tashkilotlar qarzdorga MIB ma'lumotlar bazasidan olingan tegishli ko‘chirma nusxasini taqdim etgan holda bitimni amalga oshirish va xizmatlar ko‘rsatishni rad etadi.

Davriy to‘lovlarni to‘lashni nazarda tutadigan mulkiy tusga ega ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish faqat ushbu qaror 1-ilovasining 10-12-bandlarida nazarda tutilgan xizmatlar (Xalqaro yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatish uchun aviachiptalar va temir yo‘l chiptalari sotish, chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikerini rasmiylashtirish) ko‘rsatilayotganda jismoniy shaxsga nisbatan sud yoki davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilganligi mavjudligi yuzasidan amalga oshiriladi.

Belgilab qo‘yilsinki, yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlikni tekshirish jismoniy shaxslarga — ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga va qarzdor — ko‘chmas mulk mulkdorining turar joy manzili bo‘yicha doimiy propiska qilingan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi.

Majburiy ijro byurosi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradigan maxsus dasturiy modul ishlab chiqilishini va uning faoliyatini ta'minlaydi:

  • MIBning ma'lumotlar bazasi orqali yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun, shu jumladan, jismoniy shaxs doimiy propiska qilingan joy bo‘yicha, shuningdek, mulkiy tusdagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish;
  • qarzdorlikni tekshirish natijasi bo‘yicha tekshirish o‘tkazilgan sana va vaqtni ko‘rsatgan hamda maxsus QR-kodni qo‘ygan holda tekshirish natijalari to‘g‘risidagi ko‘chirmani chop etish;
  • Byuroning ma'lumotlar bazasiga tegishli qarzdorlik to‘langanligi to‘g‘risidagi axborotni tezkor ravishda kiritish.

Yirik bitimlarni amalga oshiruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar MIB bilan birgalikda 2 hafta muddatda qarzdorlikni tekshirishda dastlabki va chiqish ma'lumotlariga doir yagona texnologik va tashkiliy talablarni, MIBning ma'lumotlar bazasiga markazlashtirilgan holda ulanishni hamda axborot xavfsizligining boshqa talablarini nazarda tutuvchi o‘zaro elektron hamkorlikning tegishli reglamentlarini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklariga jismoniy va yuridik shaxslarga ushbu qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatda nazarda tutilmagan kreditlar berishda hamda boshqa moliya-kredit xizmatlari ko‘rsatishda mijozning to‘lov qobiliyatini va bajarilmay qolgan moliyaviy majburiyati mavjudligini tekshirish maqsadida MIB ma'lumotlar bazasi orqali qarzdorlik tekshiruvini bank amaliyotiga joriy qilish tavsiya etiladi.

MIBga jismoniy shaxslarning yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzlarni to‘lashning qo‘shimcha shakllari, fuqarolarni qarzdorlik mavjudligi va uni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, jumladan, SMS xabarlar va USSD so‘rovlardan foydalangan holda to‘lash tartibi to‘g‘risida xabardor qilish shakllarini joriy etish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmog‘i operatorlari MIBning so‘roviga binoan abonentlarga yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik, shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik muddati va ularni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi SMS-xabarlarning bepul tarqatilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid