Jahon | 20:40 / 23.05.2018
9355
2 daqiqa o‘qiladi

Makedoniya sobiq bosh vaziri Mercedes-Benz xaridi uchun 2 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Foto: AP Photo / Matthias Schrader

Skope sudi 23 may kuni Makedoniyaning sobiq bosh vaziri Nikola Gruyevskiyni 500 ming yevrodan ortiqqa baholanuvchi avtomobil xaridi orqali o‘z xizmat mavqeini suiiste'mol qilishda aybdor deb topib, uni ikki yillik qamoq jazosiga hukm qildi. 

2012 yilda davlat budjetiga 573 ming yevroga tushgan Mercedes-Benz S600 avtomobilini qo‘lga kiritishdagi taxminiy qonunbuzarliklar sabab mamlakat vazirlar mahkamasining sobiq rahbari Nikola Gruyevskiy va sobiq ichki ishlar vaziri Gordan Yankuloskayaga nisbatan xizmat mavqeini suiiste'mol qilish ayblovi qo‘yildi. Shuningdek IIV rahbari yordamchisi Joko Popovski ham sudlanuvchilar safiga qo‘shildi, unga xizmat mavqei suiiste'moli uchun olti yillik qamoq jazosi belgilandi. 

Ayblovga ko‘ra, maxsus avtomobil sobiq bosh vazirning xohishi va shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun mamlakat IIV orqali xarid qilingan. 

Qamoq jazosidan tashqari, sud ayblanuvchilar davlatga yetkazilgan moddiy zararni qoplashi kerakligiga doir qaror chiqardi.

Ta'kidlash joizki, Gruyevskiy va Popovski sud majlisida ishtirok etishmagan, Yankuloskaya bilan bog‘liq jarayon esa alohida ko‘rib chiqishi belgilangan, zero ayblanuvchi ayni damda homilador.

Nikola Gruyevskiy 2006 yildan 2016 yilga qadar Makedoniya hukumatiga boshchilik qilgan.

Mavzuga oid