Jamiyat | 22:40 / 24.05.2018
64413
9 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi bozor dabdurustdan buzilmoqda: mahsulotlar vayronalar ostida qoldi

KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, bugun, 24 may kuni Qarshi shahrida joylashgan Markaziy dehqon bozorining ko‘cha yuzidagi do‘konlarini buzish ishlari boshlab yuborilgan.Tahririyatimizdan najot istab,tinimsiz qo‘ng‘iroq qilgan bir guruh tadbirkorlarning ta'kidlashicha, buzilish ishlari ogohlantirishsiz, shahar hokimining qarori ko‘rsatilmagan holda, tadbirkorlarning buzilayotgan do‘konlariga tovon puli to‘lash yoki yangidan qurib olish hamda faoliyat yuritish uchun tegishli joy ko‘rsatilmagan holda amalga oshirilmoqda.

Bugun Respublikada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Eski binolar o‘rnida yangilari qad ko‘tarmoqda, qayta ta'mirlanmoqda, shahar va tumanlarning qiyofasi o‘zgartirilib, yangi loyihalar asosida qayta tiklanmoqda. Ammo,aksariyat joylarda buzish va qurilish ishlari mulk egalarining, xususan, tadbirkorlarning manfaatiga zid tarzda, ko‘r-ko‘rona amalga oshirilmoqda. Qarshida ham shunday bo‘lmoqda. Bankdan krediti bor, ishlarini endigina kengaytiraman, qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo qilaman, deb turgan tadbirkorga nisbatan bunday xatti-harakatlarni qanday oqlash mumkin?

Yodingizda bo‘lsa, avval ham «Qarshi shahar hokimligi bir tadbirkorni chirqiratmoqda — bu nima, fidoyilik yo reyderlik?» sarlavhasi bilan Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJga avtomobillar turar joyi zo‘rlik bilan olib berilgan «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Ismoil Panjiyev bilan bog‘liq voqea hikoya qilib berilgan edi. Qarshida yana shunga o‘xshash holat yuz berayotganga o‘xshaydi.

Markaziy dehqon bozorida faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlardan biri shunday hikoya qilib bermoqda:

— Ertalab kelib, dabdurustdan buzish ishlarini boshlab yuborishdi. Hatto ayrim tadbirkorlar do‘kondan narsalarini olib chiqib ketishga ham ulgurishmadi. Oziq-ovqat mahsulotlari qulayotgan do‘kon vayronalari ichida qolib ketdi. Bu haqda mutasaddilardan izoh olamiz, desak hokimlik vakillaridan hech kim kelmadi. Obodonlashtirish boshqarmasidan allaqanday bir kishini qo‘yib ketishgan. Buzayotganlar ham hech narsa bilmaydi, ularga buyurishgan — buzishyapti. Bozorda janjal ko‘tarilib ketmasin, degan maqsadda ichki ishlar xodimlaridan bir guruhini qo‘yib ketishgan. Nima qilishni bilmay qoldik. Yanvar oyida ogohlantirish xati berishuvdi, bozor rekonstruksiya bo‘lishi, do‘konlar o‘rniga zamonaviy loyiha bo‘yicha do‘konlarni tadbirkorlarning o‘zi qurishini va'da qilingan edi.

— Qarshi shahrining tarixiy «Eski shahar» qismidagi tarixiy obidalar bilan uyg‘unlashib turgan, chet el sayyohlarini jalb etishi mumkin bo‘lgan birinchi toifali yagona tarixiy bozorni buzish va o‘rniga zamonaviy konstruksiyadagi supermarket qurilishi shu hududning tarixiy-madaniy ahamiyatini yo‘qotadi, deb hisoblaymiz, — deydi yana bir tadbirkor.

Prezident qaroriga ko‘ra bozor buzilib, uning o‘rniga supermarket qurilishi kerak ekan, buni tushundik. Ammo o‘ttizdan ziyod tadbirkor va ularning qo‘lida ishlovchilar bundan nega jabr ko‘rishi, nega ular o‘z mulkidan mosuvo bo‘lib qolishi kerak? Ularga barchasini yotig‘i bilan tushuntirish, do‘koni faoliyat ko‘rsatish uchun barcha zarur hujjatlari bor bo‘lgan tadbirkorlarga yetkazilayotgan zarar albatta hokimlik tomonidan qoplab berilishini aytish kerak emasmidi?

Biz mazkur masalaga xolis oydinlik kiritish maqsadida Qarshi shahri hokimi yordamchisi Sherzod Eshqulov bilan bog‘landik.

— Prezidentning 2017 yil 27 martdagi 2853-sonli qarorga muvofiq Qarshi shahridagi Markaziy dehqon bozori qayta rekonstruksiyaga tushgan. Mazkur dehqon bozorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga mansub do‘konlarning kadastr hujjati bo‘lsa, ularga do‘konlar beriladi, yo‘qlariga esa berilmaydi. Ular yangi qurilgan bozorda ijara asosida ishlashlari mumkin. Qarshi shahri hokimi Jamshid Fozilov haftaning har ikki kuni — dushanba va juma kunlari soat 14:00dan boshlab fuqarolarni qabul qiladi. Shu kunlari murojaat qilib kelgan tadbirkorlarning muammosi hal etiladi.

 «Bu gaplarning bari safsata, — deydi biz bilan suhbatda bir guruh tadbirkorlar. — Mana, qarang, yo‘lning narigi betida bundan olti oy muqaddam buzilgan bozor («To‘lqinbozor» nomi bilan xalq o‘rtasida tanilgan) tadbirkorlarining muammosi haligacha hal etilgani yo‘q. Bizdan tepada buyum bozori bor, u yer ham qayta ta'mirlandi, faqat tadbirkorlarning o‘z tashabbusi va mablag‘i evaziga. Bizga ham shunday imkoniyat berishsin, loyiha taqdim etilsin, o‘zimiz chiroyli qilib qayta ta'mirlaymiz. Ammo bunday qilishmaydi. Bozorda faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlarning kadastr hujjatlari bor».

«Xo‘p, tasavvur qiling, hozir bu bozor ham buzilsa, aholi qayerdan bozorlik qiladi? Ro‘zai ramazon kunlari, issiqda sarson bo‘lishadi-ku?! Sotuvchilar-chi? Yana ko‘cha-ko‘yda, tuproq va betonlar ichida savdo qiladimi? Mayli, bozorni buzishmoqchi ekan, hokimning o‘zi, o‘rinbosari, imom-xatib, nuroniy va boshqa mutasaddilar kelib, tadbirkorlarni yig‘ib, bor gapni tushuntirib, xalq bilan maslahat qilgan holda bu ishlarni qilmaydimi? Bu rahbarning oyog‘i yerdan uzilishi, xalq bilan muloqotdan yuz o‘girishi emasmi? Tadbirkor — odam o‘rnida emasmi? Biz o‘g‘ri yo muttaham emasmiz-ku?! Bugun bizning bozor buzilsa, narigi buzilgan bozor tadbirkorlari bilan qo‘shib hisoblaganda 550–600 tadbirkor ishsiz qolmaydimi?»

Bu borada me'yoriy hujjatlar nima deydi? Bozor muammolariga taalluqli masalalar yuzasidan 2017 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PQ-2853 sonli qarori chiqarilgan. Qarorga ko‘ra, millionlab mablag‘ sarflanib ta'mirlangan, qayta qurilgan bozorlar buzilishi mumkin. Shu vaqtgacha o‘ylanmasdan sarflangan mablag‘larga javobgar va mansabiga sovuqqonlik bilan qarayotgan mansabdor shaxslar esa Jinoyat Kodeksining 207-moddasiga ko‘ra, javobgarlikka tortilishadi.

Xo‘sh, bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishi qanday amalga oshiriladi? Yoki tadbirkorlar ikki qo‘lini og‘ziga solib qolaveradimi?

Javob: Albatta,prezident qarorida bu jarayon hisobga olingan. Qarorning 16-bandiga nazar tashlasak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek, ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta'minlashlari shartligi ravshan qilib yozib qo‘yilgan.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish 21-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksining rahbari Z.Mirzayev zimmasiga yuklatilgan.

Xullas, Qarshidagi notinchlikning bor tafsiloti shu. Tadbirkorlar kuyib qolishdan cho‘chishyapti. Shu kunlarda bittagina bo‘lsa ham ish o‘rni yaratish, har bir xonadonni tadbirkorlikka o‘rgatish, aravani birga tortish davrimizning, zamonimizning eng dolzarb masalasi bo‘lib turibdi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganidek,«Bugun biz shu ishlarni qilmasak, ertaga chetdan kelib birov bizga bir narsa qilib bermaydi, hech qachon!»

Kun.uz tahririyati mazkur vaziyatni kuzatishda, o‘rganishda davom etadi va yaqin kunlarda Qarshi shahriga borib, voqea joyida tadbirkorlar va shahar mutasaddilari bilan uchrashadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid