09:09 / 24.05.2018
25452

Poroshenko Tramp bilan muzokara o‘tkazish uchun pul to‘lagani ma'lum qilindi 

Foto: AFP

Donald Trampning shaxsiy advokati Maykl Koen Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkodan Tramp bilan birinchi uchrashuvida u bilan muzokaralar o‘tkazishni uyushtirish uchun kamida 400 ming dollarlik maxfiy to‘lov olgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor bo‘lgan Kiyevdagi manbalarga iqtibos keltirgan holda “Bi-bi-si” teleradiokompaniyasi ma'lum qildi.  

Teleradiokompaniya manbalarining ta'kidlashicha, to‘lov vositachilar tomondan tashkillashtirilgan. “Bi-bi-si”ning Ukraina razvedkasining yuqori lavozimdagi xodimiga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, Poroshenko uchun Tramp bilan uchrashuvda bor-yo‘g‘i fotokameralar oldida qisqagina fotosessiyaga erishilgani sababli Koenni jalb qilishga qaror qilingan. Poroshenkoga esa muzokaralar kerak bo‘lgan.   

Bu maqsada Koen tanlangan. Manbaning ma'lum qilishicha, Koen bilan muzokaralarni tashkillashtirish Poroshenkoning sobiq yordamchisiga yuklangan. U o‘z navbatida bir ukrainalik deputatni ishga solgan. Deputat esa Chabad of Port Washington yahudiy xayriya tashkilotidagi aloqalaridan foydalangan. 

Maykl Koen /Foto: Seth Wenig / AP

“Bi-bi-si”ning Kiyevdagi yana bir manbasi ham yuqoridagi ma'lumotlarni bergan, biroq u Koenga to‘langan umumiy summa 600 ming dollarni tashkil qilganini ma'lum qilgan.

Tramp bundan xabari bor-yo‘qligi noma'lum, deb qo‘shimcha qilgan “Bi-bi-si”.

Koenning o‘zi esa bu xabarlarni rad etgan. Poroshenko matbuot xizmati ham bu xabarga izoh berishdan bosh tortgan.

Poroshenkoning Tramp prezident bo‘lgandan keyin AQShga ilk tashrifi 2017 yil iyunda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda ularning uchrashuvi yarim soat davom etgan.

Mavzuga oid
Top