Light | 17:23 / 28.05.2018
29803
8 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ bilan ekstremal sayohat: Eng uzun osma ko‘prik, 7 soniyalik erkin parvoz va  Kavkaz tog‘lari manzaralari (foto+video)

Sarguzashtsevar sayyohlar ekstremal turizmni xush ko‘rishadi va o‘z vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida dunyoning turli nuqtalaridagi shunga munosib maskanlarni tanlashadi. Sochidagi Sky Park allaqachon ekstrimsevar sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanib ulgurgan.

Dunyoning eng uzun osma ko‘prigi, Kavkaz tog‘lari manzarasi, Axshtir darasi, banji-jamping (elastik arqonda havoga sakrash), 207 metr balandlikda 120 km/s tezlikda parvoz, sirli o‘rmon manzaralari va boshqalar KUN.UZ'ning Sky Park bo‘ylab sayohatida.

Sky Park Yangi Zelandiyaning AJ Hackett International kompaniyasi bilan hamkorlikdagi loyiha bo‘lib, Rossiyadagi balandlikda bunyod qilingan ilk sarguzashtlar parki hisoblanadi. Parkka maxsus nazorat punkti orqali kiriladi.

Bu yerga kiraverishda park sxemasi va turli yo‘l ko‘rsatkichlarga ko‘zingiz tushadi. Shu bilan birga, har bir sayyohga audiogidlar beriladi, aks holda guruh bo‘lib kelganlar bir-birini ko‘zdan qochirishi hech gap emas.

Dunyodagi eng uzun osma ko‘prik aynan shu Sky Park'da joylashgan bo‘lib, uning uzunligi - 439 metrni, balandligi esa 207 metrni tashkil qiladi.

Bu butun oila a'zolari va har qanday sayyohga mo‘ljallangan noyob attraksiondir. Dunyodagi eng uzun osma ko‘prik - yangi zelandiyalik va rossiyalik arxitektorlarning qo‘shma loyihasi.

Osma ko‘prikni loyihalashtirish ishlariga - 3 yil, qurilishiga esa 2 yil ketgan.

Ko‘prik bo‘ylab harakatlanish u qadar qo‘rqinchli emas, shunday bo‘lsa-da, ba'zilar uning "g‘irchillashi"dan, boshqalar esa balandlikdan qo‘rqishi sabab qora terga botishdi...

439 metrni hormay-tolmay bosib o‘tishingizga va balandlikdan qo‘rqmasligingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, olg‘a! Bir olam taassurotlar kafolatlanadi...

Eng uzun osma ko‘prikning bir tomonidan Kavkaz tog‘larining betakror manzarasi ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

Shuningdek ko‘prikdan Qora dengiz qirg‘oqlari, Dzixrin kanonlari qoyalari, Mzimta daryosi qirg‘og‘idagi forel xo‘jaligi kabi ko‘plab diqqatga sazovor joylar ko‘rinadi.

Ko‘prikdan pastga qarasangiz, tog‘li Axshtir darasining Mzimta daryosi bilan kesishgan qismini ko‘rasiz. Dara yaqin oradagi Axshtir qishlog‘i sharafiga shunday nomlangan.

Osma ko‘prikning 439 metrini ortda qoldirishingiz bilan quyidagi yozuvlarga ko‘zingiz tushadi: "Tabriklayman! Siz hozirgina dunyodagi eng uzun osma ko‘prikni bosib o‘tdingiz!"

Ko‘prik tugashi bilan sizni sirli Kolxid o‘rmonlari qarshi oladi.

Sky Park Sochi milliy parki hududida joylashgan bo‘lib, bu yerdagi o‘rmon parkka ertaknamo va sirli ko‘rinish baxsh etadi.

Ko‘prik oldida Banji-jamping muzeyi bor. Bu yerda banji jamping va AJ Hackett International kompaniyasi tarixi bilan tanishishingiz mumkin.

Taassurotlarning yangi bosqichiga o‘tamiz...

Fristayl-banji zonasida elastik kanatda tepalikdan pastga sakrash mumkin. Banjichilarning aytishlaricha, sakrashning baliq kabi, orqa bilan, tandem, salto singari 15 xil turi bor. Shuningdek u velosiped, chang‘i va hatto nogironlar aravachasida ham sakrashga ham mo‘ljallangan.

7 soniyalik erkin parvozdan bir soniya oldin...

Fristayl-banjida ko‘p narsa ob-havo sharoitlariga bog‘liq. Bu yerdan sakrash istagida bo‘lganlar 10 yoshdan oshgan bo‘lishi kerak, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ota-ona yoki vasiylikka olgan shaxslar roziligi kerak bo‘ladi.

Foto: Maqsad Jangirov

Sky Bridge'ning o‘rtasida 207 metr balandlikdan elastik kanatda sakrashga jazm qilganlar ko‘p bo‘lmadi. Sayohatimiz davomida bu yerdan hindistonlik ikki qiz va rossiyalik yigitning sakraganiga guvoh bo‘ldik. Ularning jasoratini sayyohlar qarsaklar bilan olqishlashdi. 7 soniyalik erkin parvoz... (asabi chatoqlarga jarayonni kuzatish tavsiya etilmaydi).  Sakrashni amalga oshirganlarga futbolka va elektron sertifikat taqdim etiladi. Bu yerdan faqat 16 yoshdan oshganlar sakrashi mumkin.

Axshtir darasi uzra soatiga 120 km/s tezlikda harakatlanish ekstrimsevarlar uchun ayni muddao, bunga hammaning jur'ati ham yetavermaydi. Masofa - 550 metr, bu masofaning qoq o‘rtasida attraksion 2 daqiqaga harakatdan to‘xtaydi va sayyohlarga jarayondan zavq olish imkonini beradi.

Foto: Maqsad Jangirov

Bu attraksionda bir, ikki yoki uch kishilashib uchish mumkin. 7 yoshdan katta bolalarga faqat kattalar hamrohligida uchishga ruxsat etiladi.

Foto: Maqsad Jangirov

Parallel troslarda dara uzra parvoz qilishga nima deysiz? Dunyodagi eng uzun osma ko‘prikni bosib o‘tib, ortga yangicha taassurotlar bilan qaytishni istasangiz, Zipline ekstremal attraksionlari xizmatingizga shay.

Foto: Maqsad Jangirov

700 metrli masofani Zipline attraksionlarida sayr qilib o‘tishingiz mumkin. O‘rtacha tezlik - 60 km/s. 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar Zipline'ga qo‘yilmaydi.

Foto: Maqsad Jangirov

Mag‘rur qoyatoshlar bo‘ylab ko‘tarilishni o‘z ichiga olgan sayohat ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:

  • o‘rtacha murakkablikdagi yo‘nalish - 100 metr, yoshga doir cheklov: 6 yoshdan boshlab;
  • yuqori murakkablikdagi yo‘nalish - 500 metr, 12 yoshdan boshlab.

Velosipedda harakatlanishni xush ko‘radiganlar uchun 7 erkin yo‘nalish va 67 to‘siqdan iborat "Maugli" arqonli parki ayni muddaodir. Bu yerda 0,5 metrdan 15 metrgacha balandlikda turli darajadagi murakkab to‘siqlarni yengib o‘tib, o‘zingizni musobaqa g‘olibidek his qilishingiz mumkin.

Sayohatimiz davomida zamonaviy kuy-qo‘shiqlar sayyohlarga hamroh bo‘ladi. Balandlikdagi maxsus tomosha maydonidagi jonli konsert ekstremalchilarga davomli ko‘tarinki kayfiyat ulashib turdi.

Kimdir konsert tomosha qilib raqsga tushdi, yana kimlardir tomosha maydoni yonidagi Skandinaviya va Alp dizaynida ishlangan restoranga kirib, boshqa sayyohlar jasoratini tomosha qilib, mazali taomlar va salqin ichimliklardan bahramand bo‘ldi.

O‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tizimida ishlovchi gril-bufet 110 kishiga mo‘ljallangan. Go‘shtli taomlarga urg‘u berilgan mualliflik restorani esa bir vaqtning o‘zida 70 kishi uchun xizmat ko‘rsatadi.

AJ Hackett International'ning butun dunyo bo‘ylab sakkiz maydoni bor: Yangi Zelandiya, Fransiya, Makao, Avstraliya, Singapur va Rossiya. Barcha attraksionlar 1990 yildan buyon barcha banji-jamping maydonlarida amal qilinuvchi qoidalarga qat'iy rioya qilingan ravishda tashkil qilinadi.

Suratda: Ey Jyey Xakkett

Ey Jyey Xakkett 1986 yilda balandlikdan sakrash uchun elastik arqonni ixtiro qilgan. 1987 yilda unda Eyfel minorasidan sakragan. Banji-jamping tijoratini birinchi bo‘lib o‘zi yo‘lga qo‘ygan va butun dunyoga uning xavfsizligini namoyish qilgan.

Lola Rahmonboyeva
Kun.uz

Mavzuga oid