O‘zbekiston | 14:29 / 29.05.2018
10102
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil O‘zbekistonga  energotejamkor yuqori texnologiyalar​ni olib kirmoqchi

Isroil O‘zbekistonga energotejamkor yuqori texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini olib kirmoqchi. Bu haqda Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapira Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Eddi Shapira
Foto: embassies.gov.il

«Biz ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zlab turibmiz. Buning uchun, ikkitomonlama hamkorlik bo‘yicha komissiya faoliyatini qayta tiklab, joriy yilning ikkinchi yarmida shunday uchrashuvlarni boshlash kutilmoqda», deb so‘z boshlaydi elchi.

Shuningdek, shu yili ikki davlat vakillari, tadbirkor va kompaniya mutasaddilari ishtirokida biznes forum o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

«​Hamkorligimiz asosiy yo‘nalishlaridan biri - O‘zbekistonda eko iqlimga mos, mamlakat energo samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi tizimni yaratish»​, ta'kidlaydi u.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida turizm salohiyatini ham rivojlantirish ikkitomonlama hamkorlik shartlarida ko‘rib chiqilmoqda.

«Mamlakatlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar nafaqat tranzit yo‘lovchi tashishga, balki sayyohlarni tarixiy-madaniy shaharlarga olib kelishga ham undashi lozim», deydi elchi.

Shuningdek, Isroil O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalardan foydalanishda ko‘mak bermoqchiligini bildirdi.

«Umuman hamkorlikning asosiy mavzusi bu - texnologiya. Hech kimga sir emas, bu yo‘nalishda Isroil katta tajribaga ega davlat hisoblanadi. Muqobil energiya va energotejamkor texnologiyalar ishlab kelayotgan Isroil kompaniyalari O‘zbekistonda faoliyatini boshlashga qiziqish bildirgan. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sohasiga, jumladan irrigatsiya va issiqxonalar tashkil etishga ham katta qiziqish mavjud», deb ta'kidlagan isroillik elchi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi tovar aylanmasi qiymati 44 million dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid