O‘zbekiston | 23:55 / 29.05.2018
10245
14 daqiqa o‘qiladi

Qizilqumdagi innovatsiyalar: tuman uchun foydali bo‘lsa, mamlakat uchun foydali bo‘ladi

​Buxoro viloyatiga samolyot illyuminatoridan qarasangiz, ko‘plab kilometrga yoyilgan jonsiz cho‘l-u dashtliklarga guvoh bo‘lasiz. Biroq, bu faqat birinchi qarashdagi manzaradir. Aslida esa, qumliklar orasida hayot gurkirayapti. Bu yerlarda tabiat resurslarini rivojlantirish, ulardan oqilona foydalanish orqali tabiatni asrash va qayta tiklash, mahalliy aholining turmush darajasini oshirishga erishish borasidagi salohiyat va imkoniyatlar nihoyatda kattadir.

16-17 may kunlari BMT O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer hamda BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasining Barqaror rivojlanish klasteri xodimlari loyihaning hududlardagi hamkorlari bilan birgalikda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga safar uyushtirib, joylarda BMTTD/GEJ va O‘zbekiston Respublikasi Davergeodezkadastrning «O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish» loyihasi faoliyati natijalari bilan tanishishdi.

Qishloqdagi eng serdaromad oilaviy tadbirkorlik turlaridan biri issiqxona xo‘jaligini yuritishdir

Qorako‘l tumani Chekirchi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Zamiraning uch nafar farzandi – ikkita o‘g‘li va bitta qizi bor. Turmush o‘rtog‘ining bevaqt vafotidan so‘ng uning oilasi mushkul moliyaviy ahvolda qolib ketdi. Zamira mahalliy bozorda mayda-chuyda sotish bilan shug‘ullana boshladi.

Foto:  BMT O‘zbekiston

Zamiraning qishloqdoshlari o‘z tomorqalarida asosan yem-xashak ekinlari, sabzavotlarni yetishtirishadi, tokzor va bog‘larini parvarishlashadi. Biroq, yerning sho‘rlanganligi va suv tanqisligi bois ular oladigan daromad katta emas.

BMTTD mutaxassislari Qorako‘l tumani aholisi o‘z tomorqa yerlaridan foydalanishini atroflicha tahlil qilib, keyinchalikda tomorqa yerlardan yanada unumliroq, samaraliroq foydalanishni ta'minlash maqsadida ba'zi xo‘jaliklardagi chorvalarning sonini kamaytirib, chorvachilikdan muqobil oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga o‘tish va shu orqali oila daromadini oshirishga chaqirish asnosida taklif va tavsiyalarini ishlab chiqdi.

Zamiraga tegishli bo‘lgan tomorqa yerning bir sotix maydonida BMTTD yordamida issiqxona barpo etilib, mazkur issiqxonadan savzavot, turli ko‘katlar, sitrus mevalarini yetishtirish orqali barqaror daromad olish yo‘llarini namoyish etish uchun foydalaniladi. Issiqxonada pomidor va ko‘kat ekilgan ekan. Issiqxonani isitish, urug‘ va ko‘chatlar, o‘simlik kasalliklariga qarshi kurash va boshqa vositalarni xarid qilishga Zamiraning oilasi 700 ming so‘m sarflagan. Birinchi ko‘kat va turli vaqtda yetiladigan pomidor hosilini sotish evaziga 300 ming so‘m daromad olingan. Ko‘kat va pomidor hosildorligi yomon emas, ekinlar o‘z vaqtida sug‘orilib parvarishlanadi. Zamira va uning oilasi kelasi yilda pomidor va bodringning yanada hosildorroq navlarini ekishni rejalashtirgan. Shuni aytish joizki, ushbu issiqxona tufayli Zamiraning katta o‘g‘li ish bilan ta'minlangan.

Loyiha yaqin kunlarda G‘aybullayeva Zamiraning issiqxonasidan namuna sifatida foydalangan holda issiqxonalarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash hamda issiqxonalarning unumdorligini oshirish bo‘yicha amaliy seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishni rejalashtirgan.

Cho‘l va qurg‘oqchil yaylovlar yaqinida yashovchi aholining tomorqalarida kichik issiqxonalarni qurib, chorvachilik faoliyatini qisman kamaytirish orqali ishsiz yurgan yoshlar va nafaqaxo‘rlarni doimiy ish bilan ta'minlash va qo‘shimcha daromad manbaini yaratish uchun mustahkam zamin yaratish mumkin.

Loyiha faoliyati natijalari bilan tanishuv bejizga Zamira G‘aybullayevaning issiqxonasiga amalga oshirilgan tashrifdan boshlanmadi. U anchadan beri (turmush o‘rtog‘i vafot etganidan beri) mustaqil ravishda o‘zining dehqon xo‘jaligi, uning bir sotix maydonida joylashgan issiqxonani yuritib kelmoqda. Zamiraning oilasidagi dardi, g‘am-g‘ussasi uni ancha ojizlantirgandek tuyulsa-da, uning irodasini, o‘z farzandlari uchun xo‘jaligini yuritishni davom ettirishga bo‘lgan intilishini sindirolmagan. BMTTD yordamida qurilgan oilaviy issiqxona oilaning byudjyeti va farovonligini yaxshilashga mustahkam zamindir. Zamiraning uyiga tashrif buyurgan mehmonlar uning issiqxonasi, issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor, bodring, qalampir va boshqa meva-sabzavot va ko‘katlarni ko‘rib, ushbu mahsulotlar mahalliy bozorda sotilishi hamda xo‘jalikning o‘zida iste'mol qilinishi haqida ma'lumot olishdi. Suhbat davomida uy egasi mehmonlarga o‘zining dehqonchiligida yetishtirilgan pomidorlarini tortiq qildi, mehmonlarga pomidorlarning ta'mi juda manzur bo‘ldi.

«Loyiha yordamida qurilgan issiqxonada mahsulot yetishtirib, undan tushgan daromadni oilam ehtiyojlariga, uyimning remonti, farzandlarimning o‘qishiga ishlataman» – deydi Z. G‘aybullayeva.

Dasturxoningizdagi sifatli va mazali baliq, jajji sog‘lom baliqchalardan boshlanadi

2017 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida loyiha tomonidan ko‘rsatilgan yordam tufayli «Ozodbek Husniddin baliqchi» nomli kichik reproduktiv baliqchilik xo‘jaligi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu xo‘jalik shu nomdagi mas'uliyati cheklangan jamiyat asosida tashkil topdi. Mazkur xo‘jalik yuqori texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, u urug‘dan chiqqan ovlanadigan baliq materialini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Unda karp – barchaga tanish bo‘lgan sazan, zog‘orabaliq yetishtiriladi. Ushbu reproduktiv baliqchilik xo‘jaligini yaratishdan maqsad mahalliy baliqchi fermerlarni zog‘orabaliq oilasiga mansub baliq materiali bilan ta'minlashdan iborat.

«Ilgari tumanda baliq materialini yetishtiruvchi xo‘jalik mavjud emas edi. Shu sababli baliqchi fermerlar boshqa viloyatlar, asosan Toshkent viloyatidagi baliqchilik xo‘jaliklaridan baliq materialini sotib olishga majbur bo‘lib kelgan. Urug‘dan chiqqan baliqchalarni uzoqlardan olib kelishning o‘zi ko‘p xarajat talab qiladi, bu esa, o‘z navbatida, baliq materiali tannarxining oshishiga sabab bo‘lib yakuniy mahsulot – sotiladigan baliqning narxi oshishiga olib keladi. Bundan tashqari, uzoqlardan olib kelinadigan yosh baliqning ma'lum qismi yo‘lda o‘lib qolardi» – deb ta'kidladi loyihaning baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha milliy maslahatchisi Abdulla Qurbonov.

«Ozodbek Husniddin baliqchi» reproduktiv baliqchilik xo‘jaligida yangi, zamonaviy mini-basseynlarni o‘zlashtirish yo‘lga qo‘yilgan, bu esa, o‘z navbatida, kutilganidek, ishlab chiqarishni, unumdorlikni oshirishga yordam beradi. Mazkur xo‘jalik o‘zining ishlab chiqarishini yiliga 30 ming donadan 50 ming donagacha oshirib keyinchalik tumanning boshqa baliqchilik xo‘jaliklariga yetkazib berishni rejalashtirgan. Xo‘jalik balansida qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lib, ularda hozir paxta yetishtiriladi, bu esa, ma'lumki, ko‘p suv xarajatini talab qiladigan agrotexnika yordamida amalga oshiriladi. Qorako‘l tumanidagi suv tanqisligi va qurg‘oqchil sharoitlarda bunday ishlab chiqarish nihoyatda serxarajat bo‘lib ketadi. Ushbu yerlar paxtachilikdan bo‘shatilib baliqchilik xo‘jaligiga moslashtirilsa, mazkur xo‘jalikning suv basseynini bir necha karra kengaytirib, ishlab chiqariladigan yosh baliq miqdorini oshirishga va keyinchalikda tayyor baliqni ichki bozorlar va viloyat aholisining dasturxonlariga yetkazib berish imkonini yaratardi.

Jo‘ja kuzda emas, bahorda sanaldi. Cho‘l va yaylovlarga sarmoya kiritib nimaga erishish mumkin?

Qorako‘l tumanining katta qismini Qizilqum cho‘li egallaydi. Mahalliy aholining asosiy qismi kabi Sevara To‘rayevaning oilasi azaldan qorako‘lchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Bu joylarda yashaydigan aholining asosiy daromad manbaini aynan chorvachilik tashkil etadi.

Foto:  BMT O‘zbekiston

Keng, bepoyon cho‘l va yaylov hududlaridan o‘zboshimcha va tekin foydalanib mol va qo‘ylarni o‘tlatish bu joylarda oddiy holdir. Aholi yaylov va o‘tloqlardan foydalanishda hech qanday reja yoki oqilona boshqaruv qoidalariga rioya qilmaydilar. Natijada esa, haddan tashqari katta yaylov maydonlari tanazzulga uchrab biologik xilma-xillikka katta zarar yetkazilmoqda.

Tumandagi ko‘plab oilalar kabi Sevaraning oilasi ham xo‘jaligida bir nechta tuxum qiladigan tovuq saqlardi. Parrandadan olinadigan tuxumning bir qismi iste'mol qilingan bo‘lsa qolgan qismi jo‘ja chiqarish uchun saqlangan. Sevaraning oilasida parranda biznesini boshlash g‘oyasi paydo bo‘lgan vaqtlarda tumandagi xo‘jaliklar saqlayotgan parranda go‘shtini oilada iste'mol qilib ortib qolgan ozgina go‘shtni mahalliy bozorda sotishdan u yog‘iga o‘tmasdi. Bunday holatda mablag‘ yig‘ib daromadni, ishlab chiqarish hajmini oshirish ancha qiyin bo‘lgan. Qandaydir yangilik, yangi yechim, foyda olib keladigan bir sohaga sarmoya tikish talab qilinardi. Bir kuni, oila doirasida yig‘ilib choylashib o‘tirilgan bir paytda broyler jo‘jalarini yetishtirish fermasini yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Bunday mahsulot doimo talabdor bo‘lgan, uni ishlab chiqarish esa nihoyatda katta foyda olib keladi. Shunday qilib, 2015 yilda broyler jo‘jalarini yetishtiruvchi «Sabina-Sevara» nomli oilaviy parrandachilik xo‘jaligi tashkil etilib, dastlab undagi jo‘jalar soni 500 ta bo‘lgan. Hozirda Sevaraning oilaviy fermer xo‘jaligi balansida 1 gektar yaylov yerlari bor bo‘lib, u 360 m2 maydonni egallovchi parranda saqlash uchun maxsus jihozlangan xona va boshqa barcha zarur vositalar bilan ta'minlangan. Zamonaviy uskuna va jihozlar (jo‘jani boqish, sug‘orishga moslashtirilgan maxsus idishlar, ventilyatsiya tizimi, jo‘ja so‘yilganidan keyingi ishlov berish, tozalash uchun maxsus jihozlar va h.) BMTTD loyihasi doirasida 4881 AQSh dollari evaziga xarid qilingan.

Foto:  BMT O‘zbekiston

Parranda fermasining zamonaviy jihozlanishi tufayli Sevaraning fermer xo‘jaligida unumdorlik va ishlab chiqarish salohiyati ancha oshdi. U jo‘jalar sonini 5 mingtagacha ko‘paytirib (dastlab 500-600 jo‘ja bo‘lgan), ya'ni mahsulotni ishlab chiqarish hajmini 10 barobarga oshirib, daromadini (yoki ko‘radigan foydasini) 50-60 million so‘mga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Xo‘jalikda uchta doimiy ish o‘rni va tegishli ish sharoitlari yaratilgan.

Suv hayot manbai. Har bir tomchi muhimdir!

Mehmonlar loyihaning eng asosiy obekti, oxirgi yutug‘i tomon yo‘l olar ekan, cho‘lga qarab burilib «Chuqur yotoq» degan bir joyga, ya'ni cho‘ldagi sug‘orish joyiga kirib keldilar. Ushbu joyda loyiha doirasida eski quduq qayta qurilib, ko‘p o‘n yillar davomida mahalliy cho‘ponlarni, ularning qo‘ylarini suv bilan ta'minlab kelgan suv manbai jonlantirilgan. Mehmonlar loyiha tomonidan bajarilgan ishlar natijalari, xususan mazkur quduqni kapital ta'mirlash va foydalanishga qaytarish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasi bilan tanishib, endilikda shu quduq mahalli chorvachilik fermerlari hamda ko‘chib yuruvchi cho‘ponlarning podalarini suv bilan ta'minlayotganligi haqida ma'lumot oldilar. «Chuqur yotoq»da mehmonlarni mahalliy bosh cho‘pon Ahad Mahadov kutib oldi va ularga o‘zining xo‘jaligi haqida so‘zlab berdi. U mehmonlarga quduqdan suvni tortib chiqarishga yordam beradigan dizel nasosini ishlatib namoyish qildi va bunday natijaga erishish uchun qanday ishlar amalga oshirilgani to‘g‘risida gapirib berdi.

Foto:  BMT O‘zbekiston

Ixcham, o‘z-o‘zini qondiruvchi chorvachilik majmuasi cho‘l sharoitida barqaror xo‘jalik yuritishning yangicha, innovatsion modelidir

Quduqni ko‘rib bo‘lgach mehmonlar mazkur tashrifning eng asosiy tadbiri, ya'ni cho‘lda joylashgan chorvachilik majmuasining tantanali ochilish marosimiga taklif etildilar. Bu yerda mehmonlar safiga Toshkentdan ataylab tashrif buyurgan Davergeodezkadastr raisi Abdullayev Abdushukur Hamidovich qo‘shilgach, ularni «Qorako‘l» korxonasining rahbari va mahalliy hamkorlar kutib oldi. Mo‘'tabar mehmonlarning qutlov nutqlaridan keyin mazkur majmuaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, unda ramziy qizil tasma kesildi hamda yangi cho‘pon uyining kaliti mahalliy cho‘pon oilasi boshlig‘i Islom Oltiyevga topshirildi. Cho‘pon uyi majmuaning bir qismi bo‘lib, barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan shinam uch xonali xonadondan iborat. Keyin mehmonlar majmuaning boshqa obektlarini ko‘rishga taklif etildi.

Ushbu ixcham chorvachilik majmuasi nihoyatda bir noyob imorat bo‘lib u bir vaqtning o‘zida 750 dan oshiq qo‘y va qoramol saqlash va parvarishlash imkonini beradi. Shuningdek, mazkur majmua chorvachilik ferma vazifasini ham o‘tishga qodir bo‘lib, unda chorvani butun yil davomida saqlash va parvarishlash uchun barcha sharoitlar, qulayliklar yaratilgan. Qolaversa, majmua ko‘chib yuradigan qo‘y to‘dalari va cho‘ponlar uchun to‘xtash joy vazifasini ham o‘tashi mumkin.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid