O‘zbekiston | 10:32 / 30.05.2018
6609
4 daqiqa o‘qiladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mexanizatsiya xizmatlari bozoriga kirishga ruxsat berildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e'lon qilingan.

Hujjat bilan 2018 yil 1 iyuldan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatga jalb etish bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, ularga o‘z faoliyatlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etildi. 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, ta'mirlash hamda mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi ustidan tizimli monitoring va jamoatchilik nazoratini olib borish, ularning natijalari bo‘yicha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da'vo arizalari kiritish tavsiya etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi texnikasi va ular ehtiyot qismlari narxlarining jahon kon'yunkturasini o‘rganish va tahlil qilish asosida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar bo‘yicha aniq takliflar kiritadi: 

qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun import qilinadigan ehtiyot qismlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tizimini joriy etish; 

o‘zaro manfaatli shartlar asosida O‘zbekiston Respublikasiga qishloq xo‘jaligi texnikasining yangi ilg‘or ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish. 

“O‘zagroservis” AJ: 

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “O‘zagroservis” AJ va uning tashkilotlari xodimlarining ish haqi fondi miqdorini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘radi; 

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda real vaqt rejimida mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatishning yagona elektron hisobini yuritish va monitoring qilishni joriy etish choralarini ko‘rsin, bunda ushbu tizimning “O‘zagroservis” AJ uchun ochiq bo‘lishini ta'minlashni nazarda tutadi; 

2019 yil 1 yanvariga qadar tegishli huquq va majburiyatlarni “O‘zagroservis” AJga o‘tkazgan holda hududiy “Agroservis MTP” MChJlarni “O‘zagroservis” AJ tarkibiga qo‘shib yuborishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid