Jamiyat | 23:25 / 30.05.2018
12871
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyat sudi insonparvarlik prinsipiga sodiq qoldi

Foto: Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi

Jinoyat sodir etgan shaxsga insonparvarlik prinsipi asosida imkoniyat berildi. Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7-moddasida, jazo va boshqa huquqiy ta'sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamasligi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishning oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta'sir chorasi qo‘llanilishi kerakligi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudida, qonunning ushbu prinsipi asosida jinoyat ishi ko‘rilib, 30 yoshli yigit sud zalidan qamoqdan ozod qilinib, unga boshqa jazo turi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Qo‘qon shahrida yashovchi R. L. 2018 yil 30 yanvar kuni kechki vaqtda Qo‘qon shahridagi «Fayz» nomli oshxonasida tanishlari bilan ovqatlanib o‘tirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, fuqaro I.A.ni qasddan urib, unga og‘ir shikast yetkazgandi.

R.L.ning harakatlariga jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan qonuniy baho berilib, 2018 yil 19 apreldagi hukm bilan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan.

Foto: Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi

«​2018 yil 29 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay'atining ochiq sud majlisida R.L.ga oid jinoyat ishi o‘zi va himoyachisining apellyatsiya shikoyati asosida ko‘rib chiqilgach, uning jinoyat sodir etishdagi roli va qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchi bilan yarashib olganligi va jabrlanuvchining da'vosi yo‘qligi, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, oilada yagona oila boquvchi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi va yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi, yashash manzilgohi Qo‘qon shahar, «64-Saodat» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Alimjanovning kelgusida R.L.ning harakatlari jamoatchilik nazoratiga olinishi va boshqa jinoyat sodir etmasligi yuzasidan kafillik xati hamda iltimosnomalari inobatga olingan holda, unga JKning 57-moddasi qo‘llanib, sodir etilgan jinoyat uchun shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazo, ya'ni axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqdan ozod qilindi»​, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid