11:27 / 30.05.2018
7346

O‘tgan hafta onlayn auksion orqali 761 mln so‘mga teng avtoraqamlar sotildi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 21 maydan 27 maygacha bo‘lgan davr mobaynida “O‘zRTXB” AJda 672,4 mlrd so‘mlik bitimlar tuzildi. Bu esa o‘tgan haftadagi natijadan 4%ga ortiq ekanligini ko‘rsatdi. Bu haqda “O‘zRTXB” axborot xizmati xabar bermoqda.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda birja savdolarining hajmi 628,0 mlrd so‘mdan 653,3 mlrd so‘mga ko‘tarildi. Sotuvlar bo‘yicha qurilish mollari birinchi o‘rinni 24,3% bilan egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda paxta tolasi joylashgan bo‘lib, birja bozorining 18,4%ni egalladi. Keyingi o‘rinda neft mahsulotlari joylashgan bo‘lib, uning ulushi 14,0%ni tashkil qiladi.

Valyuta savdo maydonchasi orqali 2,70 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar sotildi. Kelishuvlarning asosiy qismini polietilen tashkil etdi. Uning ulushi 43%. Kelishuvlarning keyingi qismi sinkka tegishli. Uning ulushi 37%ga teng. Paxta tolasining ulushi 16 %ga teng. Texnik moy ulushi esa 4%ni tashkil qiladi.

O‘tgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 59ta avtomobil raqamlari sotildi. Ularning 43tasi jismoniy shaxslarga, 16tasi yuridik shaxslarga sotilgan. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 761 mln so‘mdan oshdi.

Savdolar natijasida bitimlarning deyarli 68% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22% bitimlar ikkinchi toifa avtoraqamlar va 10% bitimlar 3-toifa avtoraqamlar bo‘yicha tuzilgan.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Buxoro viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 23%ga teng. Keyingi o‘rinda Toshkent shahri va Toshkent viloyati avtohavaskorlari 22% ulush bilan joylashdi. Uchinchi o‘rin Farg‘ona va Samarqand viloyatlari avtohavaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 12%ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 31%ga teng.  

Top