Jahon | 20:34 / 31.05.2018
7584
2 daqiqa o‘qiladi

Durov Apple’ning Telegram’ni bloklashidan afsus bildirdi

Foto: Pavel Durov / «Vkontakte»

Apple kompaniyasi nafaqat Rossiyada, balki butun dunyo bo‘ylab Telegram dasturlarini yangilashga imkon bermayapti. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma'lum qildi.   

“Afsuski, Apple bizning tomonni olmadi. Rossiya Telegram’ning 7 foizgina auditoriyasini tashkil qilsa-da, Apple aprel o‘rtasidan butun dunyo bo‘ylab Telegram foydalanuvchilariga dasturlarni yangilashni taqiqlamoqda”, deb aytgan Durov.

Shu sababli Telegram belgilangan muddat – 25 maygacha Yevropa qonunchiligining ma'lumotlarni himoyalash sohasidagi talablarini to‘liq bajara olmagan. Gap Ma'lumotlarni himoyalashning umumiy tartib-qoidalari haqida ketmoqda, uning buzilishi esa kompaniya oborotining 4 foizigacha miqdorda jarima solinishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, messenjerning ba'zi funksiyalari, misol uchun stikerlar iOS 11.4 versiyasida to‘g‘ri ishlamasligi mumkin, deb qo‘shimcha qilgan Durov.

“Biz vaziyatni o‘nglash ustida ishlamoqdamiz. Fikrimizcha, biz muammoli davlatdagi foydalanuvchilarimizni himoya qilish uchun barcha imkoni bor ishni qildik”, deb aytgan Durov.

Avvalroq Telegram saytida Apple messenjerni yangilashni taqiqlayotgani haqida xabar paydo bo‘lgan. 

May oxirida Roskomnadzor Apple’ga messenjerning Rossiyada tarqatilishi va uning push-xabarlarini to‘xtatish hamda uni Rossiyadagi App Store’dan o‘chirish iltimosi bilan murojaat qilgan. 

Mavzuga oid