00:09 / 31.05.2018
6450

“Forish” tog‘ poligonida Mudofaa vazirligi miqyosidagi navbatdagi chempionat o‘tkazildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning aprel oyidan sentabr oyiga qadar MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari doirasida harbiy-amaliy sportning 7 ta turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. 

Yaqinda Jizzax shahridagi “Forish” tog‘ poligonida harbiy-amaliy sportning “Ofitserlar uchkurashi” hamda “MP-3 va KA-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” turlari bo‘yicha MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasidagi xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Mudofaa vazirligi terma jamoa tarkibini saralash va tanlashga bag‘ishlangan chempionat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Musobaqada oliy harbiy ta'lim muassasalaridan hamda harbiy qismlardan saralashdan o‘tib, harbiy okrug bosqichi g‘olibligini qo‘lgan kiritgan 100 nafardan ziyod harbiy xizmatchi ishtirok etdi. “Ofitserlar uch kurashi” bahslarida ishtirokchilar 100, 2000 va 3000 metrga yugurish hamda pistoletdan otish mashqlarini bajarishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Toshkent harbiy okrugi, ikki va uchinchi o‘rinlar Sharqiy hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari vakillariga nasib etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

MP-3 va KA-3 qurollaridan otish mashqi shartlarida ko‘rsatilganidek, chempionat ishtirokchilari tomonidan 25 va 100 metr uzoqlikda joylashgan nishonlarga qarata belgilangan vaqt oralig‘ida tik turgancha, tizzalab hamda yotgan holatda o‘t ochildi. Amaliy otish natijalariga ko‘ra, pistoletdan otish mashqida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi vakillari 1-o‘rin, Markaziy harbiy okrug hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi ofitserlari 2 va 3-o‘rinni egalladi. Avtomatdan otish mashqlarida esa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug ofitserlari D. To‘laganov va R. Xamrayev 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Markaziy harbiy okrugidan ofitserlar Z. Xaziyev va U. Axmedov ikkinchi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug ofitserlari J. Mahmudov va A. Saidov uchinchi o‘rinlarni band qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Chempionat g‘oliblari va sovrindorlari faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Eslatib o‘tamiz, MDH davlatlari do‘stona armiyalari o‘rtasida harbiy-amaliy sport turining “Ofitserlar uch kurashi” va “MP-3 va KA-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” musobaqaning xalqaro bosqichi joriy yilning avgust oyida Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top