O‘zbekiston | 22:38 / 31.05.2018
20817
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifiga qadar munosabatlarda o‘zgarishlar kuzatilmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilda Fransiya Respublikasiga tashrif buyurishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohitov davlat rahbarining kutilayotgan tashriflari yuzasidan Kun.uz muxbiriga shunday degandi:

«Fransiya bilan aloqador tashrif kutilmoqda. Ayni paytda biz tashrifni amalga oshirish ustida ish olib bormoqdamiz. O‘ylaymanki, bu haqda aytsa ham bo‘ladi».

Qisqa fursatda ichida Fransiya bilan turli sohalarda munosabatlarning yangi ufqlari boshlanganiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jan-Klod Pires boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bundan ko‘zlangan maqsad, albatta, O‘zbekiston Respublikasi hamda Fransiya Respublikasi o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash kelishuviga erishishdir. Shuningdek, uchrashuvda FTA tomonidan mamlakat chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, Toshkent shahrining isitish tizimini modernizatsiya qilish, quyosh fotoelektrik stansiyasining qurilishi va «Chorvoq» erkin turistik zonasini tashkil etish kabi masalalarni muhokama etilgani ma'lum qilindi. Shu o‘rinda agentlik O‘zbekistonga 150 mln yevro hajmida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Yana bir ahamiyatli uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor Bosh prokuror Otabek Murodov bilan uchrashdi. Frantsuz elchisi yangi tashkil etilgan Bosh prokuratura huzuridagi Oliy o‘quv kurslari Akademiyasida huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xodimlari uchun Fransiya davlatidan soha mutaxassislari, ekspertlarni jalb etgan holda birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgan.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida huquqiy sohada shartnomaviy-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan ekstraditsiya va huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar tuzish zaruriyati alohida ta'kidlandi.

Ana shunday uchrashuvlardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi institutida Fransiyaning Ichki ishlar vazirligi Fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish Bosh direksiyasi ekspertlari ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi.

Maqsad – aholi xavfsizligini ta'minlash va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Ishtirokchilar Fransiyaning favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimi, ko‘ngilli va professional qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uslublari bilan yaqindan tanishgan.

Xullas, davlat rahbarlarining uchrashuvi yaqinlashgani sari, turli sohalarda ham ahamiyatli uchrashuvlar soni va sifati oshib bormoqda.​

Alisher Ro‘zioxunov

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid