O‘zbekiston | 09:16 / 01.06.2018
22682
3 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyatining uch tumanida noyob baliq turlari yetishtiriladi

Foto: Avito

“Baliq yetishtirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi. 

Hujjat bilan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlarida Norin daryosi bo‘ylarida (forel, osetr va boshqalar) noyob baliq turlarini yetishtirish maqsadida 251 gektar maydonda baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilishi taklif qilingan.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlarining Norin daryosi bo‘ylarida loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish, shuningdek hududlardagi korxona, tashkilotlarning foydalanilmasdan bo‘sh turgan yerlaridan hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan boshqa yerlardan yer uchastkasini tanlash va yer ajratish hamda ularning o‘z vaqtida ishga tushirilishida ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi ham tasdiqlanishi mumkin.

Namangan viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlarida baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlarga yer uchastkalari ajratilishini;
baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlarga ajratilgan yer uchastkalari hududida mol-mulklarni baholash ishlarining yakunlanishi hamda ularning egalari bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslarga belgilangan tartibda pul kompensatsiyalari to‘lanishini;
hududlarning qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejasiga belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta'minlashi nazarda tutilgan.

Shuningdek, hujjat bilan xorijiy davlatlarning forel balig‘ini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislar va baliqchilik xo‘jaligi rahbarlarining Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasiga xizmat safarini tashkil etiladi.

Xizmat safarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar “Ipoteka–bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki mablag‘lari hisobidan ta'minlanishi mo‘ljallangan.

2018 yilda Mingbuloq tumanidan “Namanganbaliqsanoat” MChJga ajratilgan 175 gektar yer maydoni hududida Xitoy Xalq Respublikasining malakali mutaxassislarini jalb etgan holda baliq yetishtirish va uni zamonaviy qayta ishlash klaster modelini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid